O‘zbekiston | 14:20 / 10.08.2015
6258
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy tadbirkorlar tomonidan xodimlar yollash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi

2015 yil 31 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xususiy tadbirkorlar tomonidan xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori imzolangan edi. Bu haqda huquqshunos bloger Xushnudbek Xudayberdiyev o‘zining Xushnudbek.uz saytida batafsil ma'lum qildi.

Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2015 yil 15 maydagi PF-4725-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.

Nizomga ko‘ra, xususiy tadbirkor xodimlarni yollashni bankda qonunchilikda belgilangan tartibda hisob raqami ochganidan so‘ng amalga oshirishi mumkin.
Shuningdek, Nizomga qaysi faoliyat turi bilan shug‘ullanayotgan xususiy tadbirkorlar necha nafargacha xodim yollashi mumkinligini belgilovchi ro‘yxat ham ilova qilingan bo‘lib, unga ko‘ra, faoliyat turlariga qarab, bir nafardan uch nafargacha xodim yollashi mumkin.

Bir necha faoliyat turlari bilan shug‘ullanadigan xususiy tadbirkor, faoliyat turlari sonidan qat'i nazar, uch nafardan ko‘p bo‘lmagan xodimlarni yollash huquqiga ega.
Xodimni yollashda (ishga qabul qilishda) xususiy tadbirkor u bilan maxsus shaklga muvofiq yozma mehnat shartnomasini tuzishi, mehnat shartnomasi muddati xususiy tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddatidan oshmasligi kerakligi qayd etildi.

Nizomda keltirilishicha, xodimga xususiy tadbirkor tomonidan mehnat daftarchasi yuritilmaydi. Biroq xususiy tadbirkorda yollash bo‘yicha ishlagan ish davrlari uning uchun ushbu davrlarda Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan taqdirda xodimning mehnat stajiga qo‘shilishi belgilandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish