Jamiyat | 08:16 / 11.08.2015
3039
2 daqiqa o‘qiladi

2100 yilga borib Yer aholisi 11 mlrd kishidan oshib ketadi

Yer aholisi hozirgi 7,3 mlrd kishidan 2050 yilda 9,7 mlrd gacha va asrimiz oxiriga borib 11,2 mlrd kishiga yetishi prognoz qilinmoqda. Bunday raqamlar BMTning demografiya bo‘limi rahbari Jon Uilmot tomonidan 10 avgusda Sietlda bo‘lib o‘tayotgan statistiklar anjumanida keltirildi.

BMT mutaxassislarining fikricha, Yer aholisining o‘sishi Afrikaning Sahroi Kabirdan janubdagi davlatlarda tug‘ilish miqdori kamaysagina to‘xtatishi mumkin. Hozircha buning ehtimoli 23 foizga baholanmoqda.

Afrika aholisi 2100 yilga borib hozirgi 1,2 mlrd kishidan 3,4-5,6 mlrd kishigacha yetishi kutilmoqda.

Osiyo esa bu orada aholi eng zich joylashgan mintaqaga aylanadi: asrimizning o‘rtalariga borib Osiyo aholisi 5,3 mlrd kishiga yetadi, so‘ngra 4,9 mlrd kishiga tushib ketadi.

BMT hisobotida qo‘llab-quvvatlash potensial koeffitsiyenti: mehnatga layoqatli odamlar sonining (20-64 yosh) pensionerlar soniga (65 yosh va undan kattalar) nisbati ham hisobga olingan. Bu koeffitsiyent qanchalik kichik bo‘lsa, mehnatda band odamlar mehnatga layoqatsiz aholini shunchalik ko‘p qo‘llab-quvvatlashiga to‘g‘ri keladi. Hozirda bu ko‘rsatkich Yaponiyada eng kichik bo‘lmoqda (2,1), undan keyin Italiya (2,6) kelmoqda.

2100 yilga borib bu koeffitsiyent butun dunyo bo‘ylab keskin pasayib ketishi kutilmoqda: misol uchun, Xitoyda 7,1 dan 1,4 gacha, Meksikada esa 8,7 dan 1,4 gacha tushib ketishi taxmin qilinmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish