Jamiyat | 12:22 / 12.08.2015
4657
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada selfi ixlosmandi buqa bilan selfiga tushish paytida halok bo‘ldi

Ispaniyaning Toledo viloyatidagi Vilyaseka-da-la-Sagra aholi punktida nomi oshkor etilmayotgan 32 yoshli erkak buqa bilan selfiga tushish paytida halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Cadena Ser nashri. 

Bu fojia shahar aholisi tor ko‘chalar bo‘ylab yugurayotgan buqalardan qochishi bilan kechadigan an'anaviy xalq o‘yini vaqtida sodir bo‘ldi. Bunday o‘yinlarda ishtirok etishda katta tajribaga ega bo‘lgan erkak biroz xayollab, katta tezlikda chopayotgan buqa bilan o‘zi orasidagi masofani to‘g‘ri chamalay olmadi. Natijada buqa shoxlari bilan erkakning bo‘yni va soniga kuchli zarba berishi oqibatida u halok bo‘ldi. Jabrlanuvchi zudlik bilan shifoxonaga olib borilganiga qaramasdan, shifokorlar uning tirik qolishi uchun yordam bera olishmadi.

Fojia tufayli shahar hokimiyati bir hafta davom etishi kerak bo‘lgan xalq saylini bekor qildi. Aholi punkti merining aytishicha, qurbon bo‘lgan shaxs qo‘shni Vilyasekilyadan tashrif buyurgan edi.

Xavfsizlik federal muassasalari vakillari shahar hokimiyatini bunday “vahshiyona” udumdan voz kechishga muntazam chaqirishiga qaramasdan, ispanlar ularning hayotiga xavf soluvchi bu o‘yindan voz kechishni istashmayapti.

2014 yilning fevral oyida AQShning Xyuston shahrida ham g‘azablangan buqa bilan selfiga tushmoqchi bo‘lganda halok bo‘lishiga bir baxya qolgan “o‘tkir hislar muxlisi” butun dunyoga mashhur bo‘lib ketgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish