Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Sharq taronalari» festivali shousi monitorda 3D formatda namoyish etiladi
Samarqandda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivaliga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Festivalda sayyoramizning oltmishdan ortiq mamlakatidan san'atkorlar, musiqashunos olimlar qatnashish istagini bildirgan. Bir qator xalqaro tashkilotlar, davlatlardan ham rasmiy mehmonlar kelishi kutilmoqda.
Asosiy tadbirlar o‘tkaziladigan Registon maydoni O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ta'mirlanib, obodonlashtirilgach, bu yerda amfiteatr tashkil etish uchun har tomonlama qulay sharoit va imkoniyatlar yaratildi. Majmuaning kirish qismi va uning atrofi, Sherdor, Tillakori, Ulug‘bek madrasalari oldidagi ulkan maydon butunlay o‘zgacha ko‘rinish oldi. Hozir maydon o‘rtasida avvalgilardan 25 foiz keng sahna o‘rnatilgan va bu yerda festivalning tantanali ochilish marosimiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Sahnagacha bo‘lgan 24 zinadan iborat supalarda tomoshabinlar uchun o‘rindiqlar o‘rnatiladi. Majmuaning uch madrasasiga tutashib ketgan sahna amfiteatrning barcha tarafidan yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Bu yilgi festival oldidan Registon majmuasi va amfiteatrni yoritish tizimi ham eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalar asosida butunlay yangidan yaratilmoqda. Germaniyaning «Adhoc» kompaniyasi va «Toshshaharnur» korxonasi mutaxassislari tomonidan asosiy yumushlar bajarilib, zamonaviy yoritish vositalari o‘rnatilmoqda. Mazkur yangi tizim asosidagi yoritish jarayoni va ranglar shousi ikkita katta monitorda 3D formatda namoyish etiladi. Bu haqda "Telegraf.uz" nashri xabar bergan.
Bundan tashqari, majmuadagi Sherdor, Tillakori va Ulug‘bek madrasalarida ham restavratsiya ishlari amalga oshirildi. Festival kunlari bu maskanlarda milliy musiqa asboblari, hunarmandchilik mahsulotlari, tarixiy liboslar ko‘rgazmalari tashkil etish, ishtirokchilar bilan ijodiy uchrashuv va muloqotlar o‘tkazish e'tiborga olinib, zarur jihoz va texnik vositalar keltirildi.
Shaharni festivalga oid panno va bannerlar, ko‘rgazmali vositalar bilan bezatish, tungi chiroqlar va illyuminatsiya vositalari o‘rnatish, gul ko‘chatlari o‘tqazish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirga qadar Samarqand xalqaro aeroporti va temiryo‘l vokzali, Registon, Dahbed, Bo‘stonsaroy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy ko‘chalari, Universitet xiyoboni, Ko‘ksaroy maydonida bu borada belgilangan yumushlar bajarildi. Shahardagi bekatlar va jamoat transportiga «Sharq taronalari» ramzi aks etgan bannerlar joylashtirildi. Yo‘llar atrofi, bog‘ va xiyobonlarda salviya, rayhon, gultojixo‘roz, pitunya, viola kabi 1 million 250 ming dona gul ko‘chatidan iborat yangi gulzorlar barpo etildi.