Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: O‘zbekistonda yo‘l madaniyati amalda tasdig‘ini topmayapti
O‘zbekiston ko‘chalaridagi yo‘lovchilar ham, haydovchilar ham yo‘l madaniyatiga, mashina boshqarish madaniyatiga amal qilmayapti, bu esa yo‘llarda ko‘plab baxtsiz hodisalarning ro‘y berishiga olib kelmoqda. Buni “Novosti Uzbekistana” muxbiri Elvina Sarkisova o‘z materialida ta'kidlab o‘tdi.
“Afsuski, “mashina boshqarish madaniyati” tushunchasi mamlakatimizda amalda tasdig‘ini topmayapti: haydovchilar ham, piyodalar ham yo‘l harakati qoidalarini osonlik bilan, vijdonlari hech ham qiynalmay buzadi”, – noliydi jurnalist.
Uning ta'kidlashicha, shahar transporti xizmatlaridan foydalanadigan talabalar, ishchilar, nafaqaxo‘rlar, homilador ayollar o‘zini xavfsiz sezmaydi. “Bizga Disneylend nima kerak? O‘zimizda “Amerika tog‘lari” bor”, – deb hazillashadi avtobus yo‘lovchilari.
Avtobus haydovchilari manzilga tezroq va osonroq yetib olib, mas'uliyati zimmalaridan soqit qilish yo‘lida yo‘lovchilarning qulayligi va xavfsizligi haqida o‘ylamaydi. Avtobuslarda ketayotgan yo‘lovchilar ko‘pincha haydovchilardan ko‘ngli to‘lmay, ular odamlarni “kartoshka yoki o‘tinday” tashishidan noliydi.
“Avtobus haydovchilar bekatlarda 20 daqiqalab turib, so‘ng katta tezlikda manzilga oshiqishni odat qilganlar. Natijada yo‘lovchilar jabr chekadi”, – deydi maktab o‘quvchisi Bulatova Alsu.
Bundan tashqari, ayrim avtobuslar o‘ziga xos “poyga” uyushtirishadi: bir-biriga yaqinlashib qolganida bekatga tezroq yetib borib, ko‘proq yo‘lovchi to‘plashga harakat qilishadi, buning natijasida tezlik cheklovlarini ham buzishadi, ayrim hollarda esa svetoforning qizil chirog‘iga ham o‘tib ketishadi.
“49-raqamli yo‘nalishli avtobusda uzoq vaqt e'lon osig‘liq turdi. Unda quyidagi so‘zlar yozilgan edi: 10 daqiqa qo‘rqsangiz, uyga yetib olasiz. Ha, bu hazil. Odamlar uni o‘qiydi, jilmayib qo‘yadi, uyga yetib borgach esa, yozuvni unutadi. Ammo kimlardir uchun bu oxirgi o‘qilgan matn bo‘lishi mumkin”, – xulosa qildi jurnalist.