Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Putin Qrimga uyushtiriladigan ekspeditsiyada ishtirok etishi mumkin
Yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rus geografik jamiyatining ekspeditsiyalaridan biriga borishi mumkinligi haqida axborot berilgan edi. Tahlilchilarning fikricha, prezident Qrim yarim oroliga uyushtirilajak ekspeditsiyada ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Putin ilgari ham ekspeditsiyalarda ishtirok etgan. Jumladan, 2013 yili u batiskafda Boltiq flotining “Oleg” nomli yelkanli-vintli fregati halokati yeriga sho‘ng‘igan edi. Ikki yildan so‘ng esa Taman ko‘rfazi tubiga sho‘ng‘ib, ikki qadimiy amforani olib chiqqan edi.
O‘tgan yil noyabrida geografiya jamiyati s'yezdida mamlakat rahbari chiqish qildi. O‘shanda uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezident bundan keyin ekspeditsiyalarda shaxsan ishtirok etmasligi, negaki “dunyodagi vaziyat ilmiy tadqiqotlarga vaqt qoldirmayotgani”ni ta'kidlagan edi.
“O‘tgan yil davomida sayyoradagi vaziyat osonlashmadi, ammo Vladimir Putin eski qiziqishlariga qaytmoqda”, – deydi jurnalist Tatyana Melikyan o‘z materialida.
Ayni paytda Qrim yarim orolida bir nechta ekspeditsiya ishlamoqda. Jumladan, maxsus Qrim ekspeditsiyasi Ipak yo‘li marshrutini o‘rganish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Shuningdek, o‘rta asr shaharlari – Feodosiya va Sudak o‘rganilmoqda.
Rus geografiya jamiyati Qrim bo‘linmasi rahbari Boris Vaxrushev, agarda prezident yarim orolga tashrif buyursa, unga bugungi kunning asosiy muammosi – Qrim tabiat qo‘riqxonalari va tabiatni muhofaza qilish zonalari haqida gapirib berishni va'da qildi. Qo‘riqxonalar qarovsiz qolayotganidan tashvishlanayotgan olimlar ularni federal idoralarga bo‘ysundirishni o‘ylamoqda. Ayrim qarovsiz qolgan qo‘riqxonalar hududida qurilish ishlari olib borilayotgani ularning kelajagini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Putinning diqqatini Tavr Xersonesi milliy muzey-qo‘riqxonasi ham jalb qilishi mumkin. O‘tgan yilning dekabrida Federal majlisga murojaati chog‘ida prezident “Qrim, qadimgi Korsun, Xersones Rossiya uchun ulkan madaniy va muqaddas ahamiyatga ega” ekanligini ta'kidlab, uni Quddusdagi Ibodatxona tog‘iga qiyoslagan edi.