Jahon | 15:27 / 17.08.2015
1741
2 daqiqa o‘qiladi

Hindlarning IndiGo kompaniyasi 250ta Airbus A320neo samolyotlarini sotib oladi

Hindistondagi IndiGo aviatashuvchi kompaniyasi Airbus kompaniyasidan 250ta Airbus A320neo samolyotlarini sotib olishini tasdiqladi. Bu haqda Airbus press-relizida ma'lum qilingan.

Ma'lum qilinishicha, bu bo‘yicha kelishuv 15 avgust kuni imzolangan. Blumberg agentligida ma'lum qilinishicha, bu kelishuvning umumiy qiymati 26,6 mlrd dollarni tashkil etadi.

Bu orqali bir martada eng ko‘p miqdordagi samolyotlarga buyurtma berilishi qayd etildi.

Airbus press-relizida aytilishicha, A320 toifasidagi samolyotlarga katta talab saqlanib turibdi. Shu vaqtgacha butun dunyodagi 400dan ortiq buyurtmachi tomonlardan bunday samolyotlarning 11,8 mingtasiga buyurtma kelib tushgan bo‘lib, ulardan 6,6 mingdan ortig‘i egalariga yetkazilgan.

Ma'lumot uchun, Airbus Group Airbus, Airbus Defence and Space va Airbus Helicopters bo‘limlarini birlashtiruvchi yirik konsern hisoblanib, unga 2000 yilda Germaniyaning Daimler-Benz Aerospace AG, fransuzlarning Aerospatiale-Matra va ispanlarning CASA kompaniyalari ishtirokida asos solingan. Kompaniya 2014 yilning yanvariga qadar EADS nomi bilan atalgan. Bosh ofisi Fransiyaning Tuluza shahrida joylashgan.

IndiGo esa Hindistondagi eng yirik aviatashuvchi bo‘lib, mamlakatdagi jami reyslarning 38,4 foizi shu kompaniya hissasiga to‘g‘ri keladi. Kompaniya 2015 yilning iyul oyi holatiga ko‘ra, 1 haftada 38 yo‘nalish bo‘yicha 6 mingdan ortiq uchishlarni amalga oshiradi. Ayni vaqtda IndiGo tasarrufida 97 dona Airbus A320 samolyoti mavjud.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish