Jahon | 10:18 / 18.08.2015
3438
2 daqiqa o‘qiladi

Bangkokdagi portlashni sodir etgan gumondor shaxsi aniqlandi

17 avgust kuni Bangkok markazida portlash sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxsning kimligi aniqlandi, deya xabar berdi Tailand bosh vaziri Prayut Chan-Ocha.

Frans-Press agentligi ma'lumotiga ko‘ra, portlashdan halok bo‘lganlar soni 27 nafarga yetib, 123 kishi jarohat olgan.

Ayni paytda hukumat hodisa joyi yaqinidagi video kuzatuv kamerasi tasvirga olgan gumondor bilan bog‘liq surishtiruv ishlarini boshlab yuborgan. “Bugun kamera yozuvlariga tushgan gumondor shaxsi ma'lum, lekin bu aniq emas hali. Biz ushbu yigitni qidirayapmiz”, dedi bosh vazir. Uning qo‘shimcha qilishicha, gumondor shaxs “Tailand shimoli-sharqida tuzilgan hukumatga qarshi guruh”ning a'zosi bo‘lishi ehtimoli baland.

Eslatib o‘tamiz, portlash 17 avgust kuni Bangkokning savdo-sotiq va sayyohlik markazidagi Ratchaprasong chorrahasida mahalliy vaqt bilan 18:56da sodir bo‘lgan edi. Qo‘lbola radioboshqaruvli portlovchi modda Xitoy, Singapur va tayvanlik sayyohlar gavjum bo‘lgan to‘rt boshli fil ko‘rinishidagi Eravan ilohi yaqinida harakatga keltirilgan edi.