Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Putinning Qrimga tashrifi yuzasidan Rossiyaga nota yo‘lladi
Ukraina tashqi ishlar vazirligi Moskvadan RF rahbariyati nima sababdan xalqaro huquq va Ukraina qonunchiligini buzayotganini tushuntirib berishni talab qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
TIV Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Qrim yarim oroliga tashrif buyurishiga qarshi noroziligini bildirib, bu boradagi notasini Rossiyaning tashqi siyosiy idorasiga yo‘lladi.
“Qrim muxtor respublikasi va Sevastopol butun madaniyatli dunyo uchun Ukrainaning bir qismi bo‘lib qolmoqda... Rossiyaning birinchi darajali shaxslari tomonidan namoyishkorona tarzda xalqaro huquq va Ukraina qonunchiligining asosiy prinsiplari ochiq-oydin buzilayotgani noroziliklar keltirib chiqarmoqda. Shunga qaramay, Rossiya tomonining diqqatini yana bir marta Ukrainaning vaqtinchalik egallab olingan hududiga kirishda barcha rasmiy qoidalarga rioya etish zarurligiga qaratamiz”, – deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, 17 avgust kuni Putin Qrimga tashrif buyurib, turizm masalasiga bag‘ishlangan majlisda ishtirok etdi.
Qrim yarim orolini 2014 yilning mart oyida Rossiya o‘z hududiga qo‘shib olgan bo‘lib, bu jahon hamjamiyatining keskin noroziligiga sabab bo‘lib kelmoqda. Qrimning qo‘shib olinishi, shuningdek, Ukraina sharqidagi vaziyat AQSh va YeI davlatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan iqtisodiy va siyosiy cheklovlarning amalga kiritilishiga sabab bo‘ldi.