Iqtisodiyot | 08:11 / 19.08.2015
2663
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyaning eng yirik neft kompaniyasiga AQShda rekord darajadagi jarima solinishi xavf solmoqda

Braziliyaning eng yirik neft kompaniyasi Petrobras’ga kompaniya top-menejyerlarining korruptsion mojarodagi ishtiroki uchun AQShda rekord darajadagi jarima solinishi xavf solmoqda. Bu haqda Reuters ma'lum qilgan. 

Agentlikning ma'lumotlariga ko‘ra, tomonlar hali muzokaralar boshlamadi, shuning uchun taftish 2-3 yilga cho‘zilishi mumkin. Braziliya kompaniyasi Nyu-York fond birjasida savdo qilgani bois u AQSh yurisdiksiyasiga tushmoqda.

Manbalarning ta'kidlashicha, hozirgi tovon puli bo‘yicha baholashlar dastlabki baholashlar bo‘lib, biroq bungacha korruptsion faoliyat uchun solingan maksimal jarima qiymatidan ikki marta ko‘proqni tashkil qilmoqda. 2008 yilda Germaniyaning Siemens kompaniyasiga 800 mln dollar jarima solingan edi, shu bilan birga kompaniya shunday miqdordagi jarimani Germaniya hukumatiga ham to‘lab bergan.

Petrobras’ning korruptsion mojarosida kompaniyaning top-menejyerlari, uning pudratchilari hamda Braziliyaning yetakchi siyosatchilari aralashgan. Ushbu mojaro hattoki Braziliyaning amaldagi prezidenti Dilma Rusefgacha borib taqalmoqda, biroq u bu ayblovlarni inkor etmoqda.

Avvalroq Braziliyada mamlakatdagi eng yirik korruptsion sxemani tashkil qilishda gumon qilinib, mamlakatning sobiq prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning bosh maslahatchisi Joze Dirseu hibsga olingan edi. Dirseu Petrobras davlat neft-gaz kompaniyasining faoliyatidan noqonuniy daromad olish jinoiy sxemasini yaratganlikda gumon qilinmoqda. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar kompaniyaga 2 mlrd dollar ziyon yetkazishgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish