Jahon | 16:28 / 19.08.2015
2413
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya fuqarosi Bangkokdagi portlashga aloqadorlikda gumon qilinmoqda

Bangkokdagi Suvannapxum xalqaro aeroportida Fransiya fuqarosi Tailand poytaxti markazida sodir etilgan portlashga aloqadorlikda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda Thai PBS davlat telakanalining internet sahifasida xabar qilindi.

Bundan avvalroq esa Tailand politsiyasi hodisani sodir etgan gumondor shaxsning suratini ommaga e'lon qilgan edi.

Taxminiy ma'lumotlarga ko‘ra, shubha ostidagi shaxs chet el fuqarosi yoki tay millatiga mansub bo‘lishi mumkin. Gumondor terisining rangi ochiq, sochlari qora. Portlashdan avvalroq u ko‘zoynakda bo‘lgan.

“O‘z reysiga kechikib kelgan Fransiya fuqarosining qo‘lida uncha katta bo‘lmagan jarohat bor va uning yuz tuzilishi 17 avgust kuni sodir etilgan portlashga aloqador bo‘lgan gumondor fotorobotiga o‘xshash”, — deyiladi xabarda.

Ayni paytda gumondor shaxs so‘roq qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, portlash 17 avgust kuni Bangkokning savdo-sotiq va sayyohlik markazidagi Ratchaprasong chorrahasida mahalliy vaqt bilan 18:56da sodir bo‘lgan edi. Qo‘lbola radioboshqaruvli portlovchi modda Xitoy, Singapur va tayvanlik sayyohlar gavjum bo‘lgan to‘rt boshli fil ko‘rinishidagi Eravan ilohi yaqinida harakatga keltirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish