O‘zbekiston | 15:42 / 19.08.2015
2713
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda "Tashuvchining fuqarolik majburiyatini majburiy sug‘urta qilish" mavzusida seminar tashkil etildi

2015 yilning 18 avgust kuni «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi Qashqadaryo viloyati filiali tomonidan «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida «Tashuvchining fuqarolik majburiyatini majburiy sug‘urta qilish» mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda majburiy sug‘urta bilan shug‘ullanish huquqiga ega kompaniyalar, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan korxonalar, ommaviy axborot vositalari vakillari va fuqarolar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar qabul qilingan yangi hujjatning maqsadi, mazmun-mohiyati haqida yig‘ilganlarga ma'lumot berishdi. Xususan, tashuvchilarning fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash 1993 yilda qabul qilingan «Umumiy foydalanishdagi havo, temir yo‘l, ichki suv va avtomobil transporti yo‘lovchilarining majburiy shaxsiy davlat sug‘urtasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan amalga oshirilib kelingan. Yangi qonun esa zamon talablari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, tashuvchining xizmatlaridan foydalanish chog‘ida yo‘lovchiga yetkazilgan zarar qoplanishini to‘liq ta'minlaydi.

Shuningdek, davra suhbati davomida muhokamalarda qayd etildiki, ushbu Qonunda tashuvchining o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyati bajarilishini nazorat qiluvchi sub'yektlar ko‘rsatib o‘tilgani ham muhim ahamiyatga ega. Ular O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi kabi transport sohasidagi davlat organlaridir. Qolaversa, tashuvchining o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyati bajarilishini nazorat qilish qonun hujjatlariga muvofiq tegishli vakolatga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

«Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi Qonunning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, huquqiy hujjat kuchga kirishi yangi ish o‘rinlari yaratilishi, sug‘urta bozori va transport infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga keng imkon yaratadi.

Interaktiv tarzda tashkil etilgan davra suhbati yakunida fuqarolar va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berishdi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish