Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda 22-23 avgust kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi
O‘zbekistonda 22-23 avgust kunlari umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda "Xalq so‘zi" gazetasida yozilgan.
"Mustaqillik — bebaho ne'mat. Har birimiz uchun uning qadri yuksak, ahamiyati beqiyos. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz oldidan o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hasharida 17,5 million nafarga yaqin kishi, jumladan, 10 million nafardan ziyod yoshlarning ishtirok etishi kutilayotgani ham ana shundan dalolatdir. Ularning yordami bilan ko‘chalar, yo‘l va maydonlar obodonlashtiriladi, ariq hamda lotoklar tozalanadi, daraxtlarga shakl beriladi. Ehtiyojmand oilalarga, nogiron va yolg‘iz qariyalarga moddiy yordamlar ko‘rsatiladi. Ayni chog‘da yurtdoshlarimizga bayram tuhfasi sifatida maishiy xizmat shoxobchalari, ishlab chiqarish sexlari, mahalla guzarlari hamda bolalar sport maydonchalari ishga tushiriladi", — deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisining o‘rinbosari D. Usmanov.
O‘zbekiston mustaqilligining 24 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tadigan umumxalq xayriya hashari oldidan yurtimizdagi barcha tashkilot, korxona hamda muassasalarda mazkur tadbirni puxta tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. Xususan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi hamda hududiy tuzilmalari va respublikamizdagi 10 mingga yaqin fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan hashar kunlari amalga oshiriladigan keng ko‘lamli vazifalar rejasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli binolar hamda hovlilar atroflarini, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgoh va qabristonlarni hamda ko‘cha va yo‘laklarni tartibga keltirish, daraxtlarga shakl berish, hududlarni maishiy hamda qurilish chiqindilaridan tozalash va boshqa yumushlar bajariladi.
Tadbirlar davomida ehtiyojmand oilalarga, nogiron va yolg‘iz qariyalarga moddiy yordamlar ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu mumxalq xayriya hasharida 17,5 million nafarga yaqin kishi, jumladan, 10 million nafardan ziyod yoshlarning ishtirok etishi kutilmoqda.