Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Muhammadqodir Abdullayev: Men bolaligimda boksga qiziqmaganman
2000 yilda Sidneyda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar orasida ilk olimpiada chempioni bo‘lgan sportchi, hozirda O‘zbekiston professional boks federatsiyasida birinchi vitse-prezident lavozimida faoliyat olib borayotgan Muhammodqodir Abdullayev bilan suhbat uyushtirildi.
Muxbir dastlab, undan boksga qiziqish qay tariq paydo bo‘lganini so‘ragan.
"Ochig‘ini aytsam, o‘zim boksga qiziqmaganman. Otam shu sportning ashaddiy muxlisi. Yoshligimda mening bokschi bo‘lishimni orzu qilganlar. Shu sabab boksga kirib kelganman", deb javob beradi Abdullayev.
Undan Andijon va Qo‘qondagi o‘ziga xos boks maktablari haqida so‘ralganida esa, u bu qarashni tasdiqlab, ayni paytda Buxoro, Xorazm va Surxon vohasida ham mahoratli charmqo‘lqop ustalari yetishib chiqayotgani, Chirchiqda ham bu borada o‘sish kuzatilayotgani haqida aytadi.
So‘nggi Olimpiadada boks yo‘nalishida faqatgina Abbos Atoyev shohsupaga ko‘tarilib, avvalgi Olimpiada natijalariga qaraganda ancha past ko‘rsatkich qayd etilganiga o‘z munosabatini bildirar ekan, sobiq bokschi bunga avlodlar almashinuvi sabab qilib ko‘rsatgan.
"Bahodir Sultonov hamda O‘tkir Haydarov kabi Olimpiada sovrindorlarining yoshlari o‘tib qolgani va shu kabi turli sabablar bois London Olimpiadasida qatnasha olishmadi. Londonda bokschimiz Jasurbek Latipov mag‘lub bo‘lgan payt hakamlar ochiqchasiga raqibga yon bosishdi. Buni hamma sezgandi. Ammo bu bilan cheklanib qolganimiz yo‘q. Biz o‘z ustimizda ishlashni davom ettiramiz", deydi u.
"Hammasi o‘zlariga bog‘liq. Mashq qilishni to‘xtatishmasa, doimo harakatda bo‘lishsa, yaxshi natijaga erishishlari mumkin, albatta. Bir necha yil oldin Elshod Rasulov vazni jihatidan nafaqat O‘zbekistonda, balki, jahonda ham birinchi raqamli bokschi edi. Biroq, afsuski, “yulduzlik kasali”ga uchrab, o‘z mavqeini yo‘qotdi. Bundan tashqari, Oybek Mamazulunov bilan kechgan janglarda ham mag‘lubiyatga uchradi. Ana shu mag‘lubiyatidan so‘ng u o‘ziga keldi. Biroq endi unga yosh masalasi ancha pand berib qo‘yadi", deydi Abdullayev bo‘lajak Olimpiadada o‘zbekistonlik bokschilarning imkoniyatlari haqida gapirib.
U o‘z o‘rnini bosa oladigan yosh iste'dodlar safida Bektemir Meliqo‘ziyev nomini alohida qayd etgan.
Muxbir sobiq bokschini Olimpiada chempionligidan so‘ng professional boksga o‘tish taassurotlari haqida ham savolga tutadi.
"Professional boksda birgina jang uchun kamida 2-3 oy tayyorlanasiz. Mana shu muddat ichida sizda raqibingizni o‘rganish uchun vaqt bo‘ladi. Qolaversa, unda ham sizni o‘rganish imkoni bor. Havaskor boksda esa, aksincha, birgina tayyorgarlik orqali barcha raqiblarni o‘rganishingiz kerak. Siz unda turli uslubda jang olib boradigan bokschilar bilan ringga tushasiz. Katta boks 3 daqiqadan 12 raund davom etadi. Bu esa sportchidan juda katta kuch talab etadi. Havaskor va professional boksda qo‘lqoplarning ham farqi bor. Havaskor boksdagi qo‘lqoplar yumshoq materialdan tayyorlansa, katta boksda boshqacha. Bellashuv payti zarbdan raqibning qoshi yorilishi kabi haqiqiy jang bo‘layotgani bilinib turishi uchun ham katta boksning qo‘lqopi ancha yupqa bo‘ladi", deb javob qiladi Muhammodqodir Abdullayev.
U suhbat so‘ngida AIBA bahslaridan tashqari yaqin orada O‘zbekistonda yirik boks kechalari o‘tkazish rejalari haqida fikr bildirgan.
"Hozirda mana shu ish ustida bosh qotiryapmiz. Nasib qilsa, 14 noyabr kuni katta boks kechasini o‘tkazmoqchimiz. Bunday jang hali yurtimizda o‘tkazilmagan. Sababi unda “Intercontinental pasiboco WBO” kamari uchun jang bo‘lib o‘tadi. Shu kechada bir qator vakillarimiz ringga chiqishadi. Mana shu kechada yurtimizdagi boks muxlislari uchun unutilmas jang bo‘ladi, degan umiddamiz", deydi u.