Jahon | 11:03 / 24.08.2015
2655
2 daqiqa o‘qiladi

Roskomnadzor Vikipediyani bloklab qo‘yishi mumkin

Rossiya axborot nazorati agentligi (Roskomnadzor) 24 avgustdan Vikipediya internet-ensiklopediyasini bloklab qo‘yishi mumkin. “Izvestiya” gazetasining yozishicha, resursdan giyohvand moddalar tayyorlash haqidagi axborot olib tashlanmagani uchun agentlik shunday qarorga kelgan.

“Roskomnadzor qarorni allaqachon qabul qilib bo‘lgan, ammo idora haligacha Vikipediyaning Rossiyadagi vakolatxonasi bilan masalani radikal choralarsiz hal qilishga umid bog‘lamoqda”, - deyiladi xabarda.
Ta'kidlanishicha, resurs ma'muriyati talabni bajarmagan taqdirda agentlik qonun doirasida harakat qilishga va uni yopib qo‘yishga majbur bo‘ladi.

“Roskomnadzor Vikipediyaning jamiyat uchun muhimligini tushunadi. Idoraning xatti-harakatlarini zaiflik yoki vazifasini suiiste'mol qilish deb tushunish mumkin, lekin biz hozircha internet-ensiklopediya sud qarorini bajarishini kutib turibmiz. Ular bugun giyohvand moddalar haqida “akademik tilda” yozishdi, ertaga esa suitsid haqida “akademik tilda” yozishadi, undan keyin yana man qilingan mavzularga shu uslubda qo‘l urishadi”, - dedi agentlik vakili.

O‘z navbatida, Vikipediyaning Rossiya bo‘linmasi direktori Vladimir Medeyko sayt bloklangan taqdirda ham rossiyalik foydalanuvchilarga to‘sqinlik qilmasligini, blokni chetlab o‘tishning usullari ko‘pligini ma'lum qildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish