Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Merkel: Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish kuzatilmayapti
Uch tomonlama uchrashuvlar natijalari to‘g‘risida so‘zlagan Angela Merkel ukrain mojarosi tomonlari o‘t ochishni to‘xtatish tartibi buzilayotganidan shikoyat qilayotganini aytib o‘tdi. Uning fikricha, “Minsk-2” shartnomasining barcha shartlari bajarilishi shart.
“Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish tartibiga rioya qilinmayapti. Tomonlar muntazam ravishda tinchlik kelishuvi bandlarining buzilayotganini ma'lum qilmoqda, chegaradosh hududlardan og‘ir artilleriya olib chiqilmayapti”, — dedi Merkel Germaniya poytaxtida Fransiya va Ukraina prezidentlari Fransua Olland va Pyotr Poroshenko bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijalariga bag‘ishlangan brifingda.
Kantslerning so‘zlariga ko‘ra, Minskda imzolangan kelishuvning barcha, jumladan, chegara hududlaridan og‘ir artilleriyani olib ketish sharti bajarilishi lozim. Ukraina tomoni bu vazifalarni bajarishga tayyor.
2015 yil 12 fevralda imzolangan kelishuvga ko‘ra, tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishi, chegara hududlaridan og‘ir artilleriyani olib ketishi, shuningdek, Ukraina konstitutsiyasidagi hokimiyatning desentralizatsiyalashuvi (markazlashgan sistemadan markazlashmagan sistemaga o‘tish yoki o‘tkazish), shuningdek, “Donetsk va Lugansk viloyatlarining alohida tumanlari” maxsus maqomi mustahkamlab qo‘yilishi lozim edi.