O‘zbekiston | 15:16 / 25.08.2015
2483
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston savdo vakillari O‘zbekistonga keladi

Qozog‘istonlik ishlab chiqaruvchilarning savdo vakillari 2015 yil 17 sentabr kuni O‘zbekistonga keladi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Investitsiyalar vazirligining Eksport va investitsiyalar milliy agentligi — KAZNEX INVEST xabar qildi.
KAZNEX INVEST O‘zbekistonga tashrifni O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etadi.
Delegatsiya tarkibidan mashinasozlik, kimyo, qurilish, farmatsevtika, oziq-ovqat, metallurgiya sohalarining 20ta ishlab chiqaruvchisi vakillari o‘rin olgan.
Tashrif jarayonida O‘zbekistonning ulgurji savdo va distribyutorlik kompaniyalari bilan mahsulotlarni yetkazish to‘g‘risida muzokaralar olib boriladi. Shu bilan bir qatorda, qozoq mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va O‘zbekistonning davlat xaridlarida Qozog‘iston kompaniyalarining ishtirokini ta'minlash bo‘yicha davlat tashkilotlari bilan muzokaralar olib boriladi.
Mazkur tashrif KAZNEX INVESTning Toshkentda o‘tkazgan ikkinchi shu ko‘rinishdagi tadbiri hisoblanadi. Birinchi savdo missiyasi chog‘ida 16ta Qozog‘iston kompaniyasi ishtirok etib, 7 million dollarlik shartnomalar imzolangan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish