Jahon | 11:41 / 25.08.2015
3557
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda zebra sutidan pushtirang qimiz tayyorlanadi

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida faoliyat olib boruvchi tadbirkor Yerjan Tursinbek zebra sutidan pushtirang qimiz tayyorlashni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bunday g‘oya uning Keniyaga safari vaqtida paydo bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Ekspress K” nashri.

Nayrobi milliy bog‘idan uncha uzoq bo‘lmagan joydagi fermada Tursinbek zebra suti ta'mini totib ko‘rdi.

“Uning mazasi biya sutini eslatadi. Rangi esa pushti. Men mahalliy aholidan zebra sutini achitish yo‘li bilan undan biror ichimlik tayyorlashini so‘radim. Ma'lum bo‘lishicha, zebra suti ular uchun xuddi bizdagidek kamyob ekan. Keniyada zebralar bir nechtagina fermalarda tadqiqot uchun ko‘paytiriladi”, – dedi qozog‘istonlik tadbirkor.

O‘z yurtiga qaytganidan so‘ng Yerjan zebra sutidan qimiz tayyorlab ko‘rishga qaror qildi. Albatta, bu kamyob ichimlik bo‘lib, hammaning qurbi uni ichib ko‘rishga yetavermaydi. Hozircha tadbirkor zebra sutini Keniyadan olib keladimi yoki Qozog‘istonda zebra fermasini tashkil etadimi, hisob-kitob qilib ko‘rmoqda.

“Karaganda viloyatida yovvoyi qo‘toslar yetishtirilayapti. Ular sutining rangi ham pushti. Biroq bu sut qimiz tayyorlashga yaroqsiz, boisi ular tarkibida shakar miqdori juda oz”, – deydi tadbirkor. Uning fikricha, mamlakatda yovvoyi qo‘toslar yetishtirilayaptimi, demak, zebra fermasini ham ochsa bo‘ladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish