Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyada muvaqqat hukumat shakllantirilib, navbatdan tashqari saylovlar o‘tkaziladi
Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an vazirlar mahkamasini shakllantirishda yuzaga kelgan inqiroz sharoitida navbatdan tashqari parlament saylovlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishga ko‘rsatma berdi. Bu haqda Erdo‘g‘an devonxonasi tarqatgan bayonotdan ma'lum bo‘ldi.
“Partiyalar o‘rtasida konstitutsiyada ko‘rsatilgan muddatlar doirasida o‘tkazilgan muzokaralarga qaramay, vazirlar mahkamasi shakllantirilmadi, va bugungi sharoitdan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, uni shakllantirishning iloji yo‘q. Shuni e'tiborga olgan holda, saylovlarni qaytadan o‘tkazish haqida qaror qilindi”, - deyiladi bayonotda.
Prezident amaldagi konstitutsiyaning 104 va 116-moddalarida belgilangan huquqlaridan foydalangan holda Turkiya parlamenti raisi Ismat Yilmaz bilan muzokara o‘tkazdi va qaytadan saylov o‘tkazish haqida qaror berdi.
25 avgust kuni ertalab Erdo‘g‘an bosh vazir Ahmad Dovudo‘g‘li bilan uchrashadi. Taxmin qilinishicha, u muvaqqat hukumat shakllantirishga prezident mandatini oladi.