Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda yiliga 10 ming tonna kaliy gidrooksidi ishlab chiqariladi
Qashqadaryo viloyatidagi “Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodi” unitar korxonasi kelgusida yiliga 10 ming tonna kaliy gidrooksidi ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodi” unitar korxonasi bosh muhandisi Rahmat O‘sarov ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda mazkur loyihani amalga oshirish ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda.
“Bugungi kunda Rossiyaning “ZUMK-Injiniring” kompaniyasi bilan hamkorlikda yillik quvvati 1 million 400 ming tonna ruda bo‘lgan tog‘-kon kompleksi, shuningdek, tashqi elektr ta'minoti obektlari, tirgovuchlar o‘rtasidagi masofasiga ko‘ra dunyoda yagona sanalayotgan (qariyb 30 kilometr) osma arqon yo‘lini qurish ishlari davom ettirilmoqda. Mazkur loyihani ishga tushirish kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqarish yillik hajmini 600 ming tonnagacha, ruda qazib olish miqdorini esa 2 million 100 tonnagacha oshirishga imkon beradi”, – deya O‘sarov so‘zidan iqtibos keltiradi O‘zA.
U, shuningdek, muassasa o‘tgan 5 yil davomida 900 ming tonnadan ziyod birinchi navli kaliy xlorid ishlab chiqarib, mazkur mahsulotning 600 ming tonnasini xorijga eksport qilganini ta'kidlab o‘tdi.
“Ayni paytda o‘g‘itlar Xitoy, Malayziya, Singapur, Birlashgan arab amirliklari, Vetnam, Armaniston, Moldova, Turkiya, Angola, Ukraina va boshqa bir qator mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Ishlab chiqarish jarayonida paydo bo‘luvchi chiqindilarni qayta ishlab, ulardan texnik tuzlar olish yo‘lga qo‘yildi. Kelgusida bu milliy korxonalarning texnik tuzlarga bo‘lgan talabini to‘liq qoplashga imkon tug‘diradi”, – deya qo‘shimcha qildi bosh muhandis.
Ma'lumot o‘rnida, kaliy gidrooksidi rangsiz nam shimuvchi kristall modda bo‘lib, suv bilan kuchli ishqoriy reaksiyaga kirishadi. Undan oziq-ovqat sanoatida E525 ozuqaviy qo‘shimchasini ishlab chiqarish, xalq xo‘jaligida suyuq sovun va boshqa ko‘plab kaliyli birikmalarni olishda, sanoatda zanglamas temir (nerjaveyka) mahsulotlari tozalash, ishqorli (alkinli) batareykalarda elektrolit o‘rnida qo‘llash, metan gazini olishda, kislota gazlarini shimdirish va boshqa ko‘plab maqsadlarda qo‘llaniladi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, jahon bozorida ushbu moddaning yillik hajmi 2,06 million tonna bo‘lib, O‘zbekiston AQSh, Kanada, Janubiy Koreya, G‘arbiy Yevropa mamlakatlari qatorida eng yirik eksportyorlardan hisoblanadi.