Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IShID Sirt shahri yaqinidagi qirg‘oqning 200 km uchastkasini egalladi
IShID guruhi jangarilari Liviyada oxirgi bir necha hafta davom etgan to‘qnashuvlar natijasida Sirt shahri yaqinidagi qirg‘oqning 200 km uchastkasini egallashdi. Bu haqda BMT bosh kotibining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Bernardino Leon xabar berdi.
“Kengash oldida iyul oyining o‘rtalarida hisobot berganimda IShID Liviyaning markazidagi strategik jihatdan muhim o‘rinda joylashgan Sirt shahri ustidan nazoratni qo‘lga kiritganini ma'lum qilgan edim, - dedi u xalqaro tashkilot Xavfsizlik Kengashidagi chiqishida. – Endi ular Sirtdan sharq va g‘arbga cho‘zilgan qirg‘oqning 200 km uchastkasini ham nazoratga olishdi”.
Uning so‘zlariga qaraganda, 11 avgust kuni qurolli guruhlar radikallarni Sirtdan surib chiqarmoqchi bo‘lishgan, ammo oradan uch kun o‘tib, IShID shaharni yana qo‘lga olgan.
“Qurbonlar sonini aniq aytish qiyin, lekin guvohlar IShIDning qasos olish uchun ko‘plab hujumlar uyushtirayotganini aytmoqda”, - qo‘shimcha qildi Leon.
U IShIDning Liviyaga solayotgan tahdidi “real va jiddiy” ekanligini, Liviya xavfsizlik kuchlari va ko‘ngillilari buni yaxshi anglab turganini ta'kidladi.
“Ammo biz bir narsani tushunishimiz kerak. IShID tahdidini yo‘q qilish bo‘yicha birorta strategiya, agarda u uyushgan kuchlarning yaxshi rejalashtirilgan xatti-harakatlarining bir qismi bo‘lmasa, yetarli darajada samara bermaydi”, - xulosa qildi Leon.