Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda chetdan parvarishga muhtoj kishilar toifalari kengaytiriladi
2015 yil 10 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan, endilikda keksalar, nafaqa belgilash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironlari ham chetdan parvarishga muhtoj keksalar va nogironlar toifasiga mansub bo‘ladi. Bu haqda 26 avgust kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi matbuot anjumanida ma'lum qilindi.
Qaror qabul qilinishidan muqaddam faqatgina yaqin qarindoshi va vasiylari bo‘lmagan nafaqaxo‘rlar (yoshi va nogironligiga ko‘ra pensiya oluvchilar) yolg‘iz kishilar deb hisoblanar edi. Endi esa keksalar, pensiya belgilash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironlari ham yolg‘iz hamda o‘sha yordam va xizmatlarni olishga huquqi bor deb hisoblanadi. Bundan tashqari, qarindoshlari voyaga yetmagan yoki chetdan parvarishga muhtoj bo‘lgan I va II guruh nogironlari yoki keksa kishilar bo‘lganlar ham chetdan parvarishga muhtoj keksalar va nogironlar toifasiga mansub bo‘ladi.
Hozirgi paytda yuqorida zikr etilgan ijtimoiy yordam oladigan yolg‘iz pensionerlar soni, taxminan, 5500 kishidir. 2016 yil yanvaridan yangi tartib kuchga kirgach, ushbu imtiyozlardan foydalanuvchi kishilar soni 7000 nafardan oshadi.
Qaror bo‘yicha joriy qilinayotgan tartibga ko‘ra, Aholi bandligiga ko‘maklashish va ijtimoiy himoya markazlari hamda fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish idoralari mas'ul xodimlari yordamga muhtoj keksalar va nogironlarni aholini xabardor qilish va uyma-uy kirib chiqish yo‘li bilan aniqlab, bunday huquqqa ega bo‘lgan har bir ehtiyojmand kishini ijtimoiy himoyaning barcha turlari bilan ta'minlash uchun javobgar bo‘ladi. Bu o‘rinda faqatgina Mehnat va aholini ijtimoy muhofaza qilish vazirligi emas, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Pensiya jamg‘armasi va boshqa idoralar ko‘rsatadigan xizmat va yordamlar ham nazarda tutilmoqda.