O‘zbekiston | 15:48 / 27.08.2015
3848
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda tadbirkorlik faoliyatiga qarshi jinoyatlar fosh etilmoqda

Samarqand viloyatida tadbirkorlik faoliyatiga qarshi jinoyatlarni fosh etish borasida ishlar keng miqyosda olib borildi. Bu haqda viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibi qayta o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tildi.

Tadbirda aytilishicha, prokuratura tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida ishi to‘xtab qolgan 250 tadbirkorlik sub'yekti o‘z faoliyatini qayta yo‘lga qo‘ydi. Ro‘yxatdan o‘tmay tadbirkorlik qilayotgan 106 nafar shaxsning faoliyatiga qonuniy tus berildi. Joriy yilning birinchi yarmida 166ta holatda tadbirkorlar huuqlari buzilganligi aniqlandi. Ulardan 84tasi tadbirkor manfaatiga zid qaror qabul qilish, 14tasi murojaatni muddatida ko‘rib chiqmaslik, 8tasi noqonuniy topshiriq yoki majburiyat yuklash, 2tasi ortiqcha hisobot talab qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklardir.

Jumladan, Oqdaryo tuman yer rusurslari va davlat kadastri bo‘limi sobiq boshlig‘i S. Tursunov xususiy tadbirkor M. Ashurovadan intensiv bog‘ qilib, tadbirkorlikni kengaytirish uchun 3.5 ga yer ajratib berish evaziga 2 ming dollari olgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Tergov jarayonida u, shuningdek, 35 tadbirkorning murojaatlarini ko‘rib chiqmasdan yo‘qotib yuborgani fosh etildi.

Urgut tuman davlat soliq inspeksiyasi inspektorlari J. Qodirov, Q. Sultonov, B. Umarov va M. Azizovlar 19 nafar tadbirkordan daromad solig‘i uchun deb yig‘ib olingan 33 mln so‘mlik soliq va sug‘urta badallarini ularning shaxsiy hisob varaqasiga kiritmasdan o‘zlashtirib yuborishgani uchun javobgarlikka tortildi.
Bundan tashqari, Bulung‘ur tuman hokimining 2015 yil 6 apreldagi farmoyishi bilan tuman markazida tadbir o‘tkazishga “Bulung‘ur sandiq” MChJ va boshqa 7 nafar tadbirkordan 500 ming so‘mdan pul mablag‘lari yig‘ilish belgilangan. Mazkur qaror prokuror protesti asosida bekor qilinib, tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish