Jamiyat | 19:52 / 28.08.2015
3753
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada erimaydigan muzqaymoq kashf etildi

Britaniyada erimaydigan muzqaymoq kashf etildi, deya xabar berdi The Mirror nashri. Ushbu muzqaymoq Staffordshir grafligidagi Alton Towers ko‘ngilochar bog‘ida sotiladi.

Nashrning qayd etishicha, muzqaymoqning tayyorlanish usuli sir tutilmoqda. Faqatgina unga harorat bilan ishlov berilishi aytib o‘tilgan.

Shirinlik bosh oshpaz Xeston Blyumental tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijasida paydo bo‘ldi. U o‘zining “Yog‘li o‘rdak” oshxonasidagi noodatiy taomlari bilan mashhur. Masalan, qora ikrali oq shokolad, cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan muzqaymoq, kofe va sarimsoq piyozli pechene hamda boshqalarni taqdim etgan.

2013 yilda Garvard universiteti muhandisi Devid Edvards ham 8 soat davomida erimaydigan muzqaymoq ixtiro qilgan edi. Uning mahsuloti kokos, yong‘oq va yer yong‘oq sharofati bilan erimaydigan holga kelgan. Ayni paytda bunday muzqaymoqlar AQSh va Britaniya supermarketlarida sotiladi. Xaridorlar WikiPearls nomini olgan muzqaymoqlarning mango, shokolad va vanilli turlarini totib ko‘rishlari mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish