O‘zbekiston | 21:51 / 29.08.2015
21783
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati o‘zbek-tojik chegarasida qonunbuzarliklar to‘xtamayotganini ma'lum qilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasining matbuot xizmati o‘zbek-tojik davlat chegaralarida chorva mollarini noqonuniy olib o‘tish bilan bog‘liq qonun buzilish holatlari to‘xtamayotgani to‘g‘risida xabar qilgan.

“Shunday qilib, 2015 yil 24 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi chegara qismi Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi Kattaqishloq aholi punkti hududida ov miltig‘i bilan qurollangan holda O‘zbekiston Respublikasi davlat chegaralarini buzib o‘tib, 2 mingga yaqin chorva molini chegaradan 2 km ichkaridagi O‘zbekiston Respublikasi hududida boqayotgan Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati Matchin tumani Amondara aholi punktining to‘rt fuqarosi — X. Kaxxorov 1987 y.t., G. Shodiyev 1990 y.t., R. Kuchakov 1989 y.t. va A. Razzokov 1981 y. t. qo‘lga olindi”, deya qayd etdi MXX DChHQQ matbuot xizmati.

Matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, chorva mollari qo‘lga olinganidan so‘ng Tojikiston Respublikasi chegara vakillari chegarada qonun buzilishlarini bartaraf etish va chegara tartiblarini ta'minalash choralarini ko‘rish o‘rniga, O‘zbekiston Respublikasi chegara vakillaridan chorva mollarini tojik tomoniga qaytarish haqidagi iltimos bilan murojaat etishgan.

“Qayd etib o‘tish zarurki, 2014 yildan 2015 yilning iyul oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasi chegara qismlari tomonidan 16 holatda qo‘lga olingan 3638 bosh yirik va mayda chorvamol hamda otlar qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini hisobga olib, ortga qaytarilgan. Bayon etilganlarni inobatga olib, o‘zbek tomoni tojikistonlik hamkasblarini chorva mollarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga noqonuniy tarzda olib o‘tilib, boqilishini bartaraf etish, shuningdek, Davlat chegaralarida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga chaqiradi”, – deya yakunlaydi MXX DChHQQ matbuot xizmati.