Jahon | 11:54 / 29.08.2015
2111
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha va Bolgariya mudofaa vazirlari harbiy sohada hamkorlik qilishga kelishib oldi

Polsha Mudofaa vaziri Tomash Shemonyak bolgariyalik hamkasbi Nikolay Nenchik bilan 2 davlatning harbiy sohadagi hamkorligi bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda VTA agentligi xabar tarqatgan.

Bu kelishuvga ko‘ra, birinchi navbatda Bolgariyadagi MiG-29 rusumli 6ta qiruvchi samolyot ta'mirlanishi va Polshaning zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu Sobiq Ittifoq davridan qolgan 6ta harbiy samolyot NATO talablari asosida ta'mirlanishi aytilgan. Ularning 3tasi shu yilning o‘zida, yana uchtasi esa keyingi yilning boshida tayyor bo‘lishi mo‘ljallangan.

Qayd etilishicha, NATO a'zolari bo‘lgan mamlakatlar kamida 12ta harbiy qiruvchi samolyotga ega bo‘lishi lozim. Bu talabning bajarilishi mamlakatning qurolli kuchlari hamisha jangavor holatda bo‘lishini ta'minlaydi.

Polsha va Bolgariya mudofaa vazirliklari o‘zaro munosabatlarda tushunmovchilik holatlari yo‘qligini ta'kidlashgan.
Ma'lumot uchun, Polsha NATO alyansi tarkibiga 1999 yilda, Bolgariya esa 2004 yilda a'zo bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish