Jahon | 07:04 / 29.08.2015
1962
2 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnomalarga ko‘ra Kanada bosh vaziri partiyasi parlament saylovoldi kurashini yutqazmoqda

CBC telekanali o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Kanada bosh vaziri Stiven Xarperning hukmron Konservativ partiyasi hozircha parlament saylovoldi kurashini yutqazmoqda.

Hozirda ushbu partiya uchun 28,3 foiz saylovchilar ovoz berishga tayyor. Bu borada Yangi demokratik partiya 35,5 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda, 3-o‘rinni 26,9 foiz ovoz bilan Liberal partiya egallamoqda.

Telekanalning qayd qilishicha, agar parlament saylovlari ertagayoq o‘tkazilganda, unda Yangi demokratik partiya parlament quyi palatasida 124 tadan 153 tagacha, Konservativ partiya 92 tadan 132 tagacha, Liberal partiya esa 70 tadan 106 tagacha o‘rin egallashi mumkin bo‘lardi. Parlamentdagi o‘rinlarning aniq soni saylovoldi kampaniyasida qatnashayotgan boshqa partiyalarning natijalariga bog‘liq bo‘ladi.     

Kanadada saylovoldi kampaniyasi 2 avgustda boshlandi. Bu kampaniya mamlakatning zamonaviy tarixida eng uzoq davom etgan saylovoldi kampaniyasi bo‘ladi. Parlament saylovlari 19 oktabrda o‘tkaziladi, shu tariqa nomzodlar ixtiyorida tashviqot uchun 11 hafta yoki 78 kun vaqt bo‘ladi.  

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish