Jahon | 07:47 / 30.08.2015
4936
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik iqtisodchi: arzon neft doimo iqtisodiyotning ko‘tarilishiga olib kelgan

Neft narxining hozirgi pasayishi oxir-oqibat butun dunyoda global iqtisodiy o‘sishga olib keladi, deb ishonmoqda britaniyalik iqtisodchi, GaveKal-Dragonomics tadqiqot kompaniyasining rahbari Anatol Kaletskiy.

Buning isboti sifatida Kaletskiy o‘zining nuqtai nazaridan neft narxi ikki barobarga kamayib ketgan oxirgi yillardagi bir necha hodisalarni keltirib o‘tdi: 1982-1983, 1985-1986, 1992-1993, 1997-1998, 2001-2002 yillar. Kaletskiy shu bilan birga oxirgi yarim asrda har bir global inqiroz oldidan neft narxining keskin oshib ketishiga e'tiborni qaratmoqda.

“Yaqindagina neft deyarli 3 barobarga, 50 dollardan 140 dollargacha oshib ketgan edi va bu 2008 yildagi inqirozga olib keldi, so‘ngra 2009 yilning aprelidan boshlangan bevosita iqtisodiy o‘sishning oldidan 6 oy ichida 40 dollarga pasayib ketdi”, deb yozmoqda iqtisodchi.

Mutaxassisning fikricha, iqtisodiy mexanizm neft narxi va jahon o‘sishi o‘rtasida teskari munosabatga ega. Dunyo har yili 34 mlrd barrel neft yoqishi hisobga olinsa, neft narxining 10 dollarga arzonlashishi neft yetkazib beruvchilar cho‘ntagiga tushadigan 340 mlrd dollar iste'molchilarning o‘zida qolishini anglatadi.
Shu tariqa neft narxining o‘tgan yildan beri 60 dollarga pasayishi neft iste'molchilariga 2 trln dollardan ko‘proq mablag‘ berdi.

“Agar siz dunyo iqtisodiyotini tushunishni istasangiz, fond birjalarini unuting va arzon neft doimo global o‘sishga ko‘mak berganiga e'tiboringizni jamlang”, deb o‘z so‘zini nihoyalamoqda mutaxassis.