Malayziya bosh vaziri: Kuala-Lumpurdagi namoyishchilar xalq ko‘magidan foydalanmaydi
Malayziya bosh vaziri Najib Razak Kuala-Lumpurdagi hukumatga qarshi namoyish tashkilotlari mamlakatning ko‘pchilik aholisi ko‘magidan foydalanmaydi, deb hisoblaydi.
“Ular 20 ming odam yig‘ishi mumkin. Lekin bu hukumatni qo‘llab-quvvatlayotgan ko‘pchilik malayziyaliklar oldida juda kam”, – dedi hukumat rahbari hududlar taraqqiyoti federal agentligi tashkil etilganining 50 yilligiga bag‘ishlangan marosimda.
“Namoyish tashkilotchilari fqishloq joylardagi aholining hayoti va farovonligi haqida mutlaqo qayg‘urishmayapti, – dedi bosh vazir. – Masalan, bugungi marosimga 20 ming kishi tashrif buyurdi. 100 ming kishini ham to‘plash mumkin edi”.
Kuala-Lumpurga jam bo‘lganlar, Najib Razak fikricha, moliyaviy muammolarni muhokama qilishmoqda. Iqtisodiyotdagi muammolar esa tugamaydi. Bugungi iqtisodiyotning sustlashuvi tashqi omillar bilan bog‘liq: XXRdagi vaziyat, neft narxining pastlashuvi va boshqa bir qator omillar.
Kuala-Lumpurda ikkinchi kuni ham hukumatga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Unda 25 mingdan 250 minggacha kishi qatnashgani xabar qilindi. Namoyishlarning birinchi kuni esa 10 ming kishi Bersih haqqoniy saylovlar uchun nodavlat tashkilotini qo‘llab-quvvatlab Kuala-Lumpur ko‘chalariga chiqqani xabar qilingan edi. Namoyishchilar 2015 yilning iyul oyida Malayziya hukumati bosh vazirning shaxsiy hisob raqamiga 1Malaysia Development Bhd (1MDB) davlat investitsiya jamg‘armasidan 700 mln dollar miqdorida pul o‘tkazilganidan norozilik bildirib, uning iste'fosini talab qilmoqda.