Jahon | 13:00 / 31.08.2015
5166
2 daqiqa o‘qiladi

"IShID" Palmiradagi yana bir tarixiy obidani vayron qildi

Suriyadagi "IShID" jangarilari qadimiy shahar Palmiradagi yana bir me'moriy obidani, Bela ibodatxonasini portlatib yuborishdi. Bu haqda BBC News xabar qilgan.

"Bu juda keng ko‘lamli vayronkorlik bo‘ldi. Portlash ovozi shu qadar kuchli ediki, uni hatto garanglar ham eshitishi mumkin edi", deb guvohlik beradi mahalliy aholi vakillari.

Ma'lumot uchun, Bela ibodatxonasi miloddan avvalgi 1 asrda barpo etilgan va shaharning eng diqqatga sazovor joylaridan biri sanalardi.

Bu ibodatxona o‘zida G‘arb va Sharq me'morchiligining eng muhim jihatlarini mujassamlashtirgandi. Suriyada urush boshlanishidan oldin bu ibodatxonani ko‘rish uchun har yili 150 ming nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan.

"IShID" shu tariqa Palmira shahrida ikkinchi marta yirik vayrongarchilikni amalga oshirdi. 24 avgust kuni jangarilar shahardagi Baalshamin ibodatxonasini ham portlatib yuborgandi.

Ungacha esa bu muzey-ibodatxona xodimi, 84 yshli olim qatl etilgandi.

"IShID" shu yilning may oyida YuNeSKO ro‘yxatidagi bu tarixiy shaharni bosib olishgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish