Jahon | 10:11 / 31.08.2015
3341
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Bler Kemeronga Liviyada harbiy amaliyot boshlanishidan oldin Kaddafi bilan kelishuv tuzishni taklif qilgan edi

Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler hukumatning amaldagi rahbari Devid Kemeronga Liviyada xalqaro koalitsiyaning harbiy amaliyotlari boshlanishidan oldin Muammar Kaddafi bilan kelishuv tuzishni taklif qilgan. Ammo vazirlar mahkamasi rahbari bunga rad javobini bergan. Bu haqda Londonning The Times nashri xabar berdi. Aytilishicha, bu ma'lumotlar amaldagi bosh vazirning Entoni Seldon tomonidan yozilgan Cameron at 10 nomli tarjimai holida aks etgan.

“Devid Kemeronning tarjimai holida yozilishicha, 2011 yili Liviya diktatorini ag‘darish kampaniyasi chog‘ida Bler Dauning-stritga qo‘ng‘iroq qilib, Kaddafiga yaqin kishi bilan muloqotda bo‘lganini, u kelishuv tuzish niyatini bildirganini ma'lum qilgan. Ammo bosh vazir bu maslahatga amal qilmaslikka qaror bergan, negaki Liviya diktatoriga yordam sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan harakat qilishdan bosh tortgan”, - deyiladi nashrda.

Tarjimai holda ta'kidlanishicha, ko‘zga ko‘ringan britaniyalik siyosatchilar bosh vazirni Kaddafiga qarshi kampaniyani boshlash fikridan qaytarishga intilgan, ammo Kemeron fikridan qaytmagan. Xususan, tashqi razvedka xizmatining o‘sha paytdagi rahbari Jon Soyyers Liviyaga intervensiya Britaniya manfaatlariga xizmat qilmasligini ta'kidlasa, mudofaa shtabi rahbari Devid Richards esa Kemeronni yaxshi tayyorlanmagan kampaniyani boshlaganini aytib ochiq tanqid qilgan.

Shuningdek, ma'lum qilinishicha, Obama uch kun davomida Kemeronning qo‘ng‘iroqlariga javob berishdan bosh tortgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish