O‘zbekiston | 08:25 / 01.09.2015
9211
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yo‘llari bo‘ylab gazda harakatlanuvchi ilk MAN avtobuslari qatnovi yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekistonda oxirgi yarim yil davomida gazda harakatlanuvchi MAN avtobusini sinovdan o‘tkazish ishlari o‘z yakuniga yetkazilib, avtobus Mustaqillik bayrami arafasida 44-avtobus yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshladi.

uztransport.uz ma'lumotlariga ko‘ra, avtobusning tashqi qiyofasi “qo‘polroq” ko‘rinishiga qaramasdan, o‘zidan e'tiborni qochirmaydi va Toshkent shahri uchun o‘ziga xos bo‘lib qolgan och-yashil rangda anchagina serviqor ko‘rinadi.

Avtobusda birinchi bo‘lib ko‘zga tashlanadigan va ijobiy hislar uyg‘otadigan jihati salonining ranglar gammasi bo‘lib, u asosan och-kulrang va oq ranglarda ishlangan va o‘rindiqlarning ko‘k qoplamasi bilan ideal ravishda uyg‘unlashgan.

Avtobusda o‘rindiqlar soni 28 tani tashkil qiladi. O‘rindiqlar yumshoq, qulay va ergonomik ishlangan. Biroq shu bilan bir kamchiligi ko‘zga tashlanmoqda: ularning qoplamasi osongina shikastlanishi mumkindek ko‘rindi.

Salonning orqa qismida o‘rindiqlar standart tarzda joylashgan, biroq zinalarning joylashgani turib ketuvchi yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirishi mumkin.Dvigatel shunday joylashtirilganki, deyarli avtobus ostida qoladi va past polli “Mersedes” avtobuslariga xos bo‘lgan salonning bir qismini egallab turishdan xoli.

Salonning old qismida o‘rindiqlar birmuncha nostandart joylashgan. Chap tomonda joylashgan o‘rindiqlar salon ichiga qaratib o‘rnatilgan va yig‘iluvchi qilib ishlangan: buning evaziga yo‘lovchilar ko‘p bo‘lgan taqdirda qo‘shimcha turish joyi hosil qilish mumkin.

Avtobusning osma detallariga keladigak bo‘lsak, bizning, afsuski, idealdan ancha uzoq bo‘lgan ba'zi yo‘llarimizda avtobusda yumshoq ketishni kutish yaramaydi,bunda silkitishlar sezilishi turgan gap. Avtobusning yana bitta yaqqol kamchiliklaridan biri oyna darchalarining kichik o‘lchamda ishlangani bo‘lib, ular salon ichini normal shamollatish darajasini ta'minlay olmaydi. Bu ayniqsa issiq kunlarda yaqqol sezilishi mumkin.

Umuman, xulosa qilib aytganda, avtobusning afzalliklari uning kamchiliklarini qoplaydi va bu avtobuslar bizning yo‘llarda munosib o‘rnini egallab, “o‘zidan ko‘payadi”, deb umid bildirib qolamiz.