Jizzaxda to‘rt bosqichli yirik sanoat loyihasi amalga oshirilmoqda
Jizzaxda to‘rt bosqichli yirik sanoat loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha 15 million 500 ming dollarlik qiymatga ega bo‘lib, uning oxirgi navbati 2017 yilning to‘rtinchi choragida ishga tushiriladi. Bu haqda “Telegraf.uz” nashri xabar bergan.
«Orzu Tekstil - SV» mas'uliyati cheklangan jamiyati negizida amalga oshirilayotgan bu yirik loyiha kelgusida jami 1450ta ish o‘rni yaratilishini ta'minlaydi. To‘rt bosqichli loyihaning birinchi navbati joriy yilning 1 aprel kuni ish boshlagandi. U «Trikotaj mato to‘qish», deb nomlanib, yiliga 6 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash quvvatiga ega.
2 million 500 ming dollarlik bank mablag‘i, tadbirkorlarning 1 million dollarlik sarmoyasi hisobidan tashkil etilgan yangi korxonada ayni paytda 100 nafar ishchi uch smenada mehnat qilmoqda.
«Orzu Tekstil-SV» MChJ mahsulotlari hozircha o‘zbekistonlik tadbirkorlarning buyurtmasiga ko‘ra mamlakat ichki bozoriga chiqarilmoqda. Yaqinda rossiyalik ishbilarmonlar korxonada bo‘lib, jizzaxlik sanoatchilarning imkoniyatlari bilan tanishishdi. Ayni paytda Rossiyaga mahsulot eksportini amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.