Iqtisodiyot | 12:29 / 02.09.2015
7759
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda meva va sabzavotlarni avtotransport vositalarida eksport qilish taqiqlandi

O‘zbekistonda 1 sentabrdan boshlab meva va sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni avtotransport vositalarida eksport qilish taqiqlandi. Bu haqda 28 avgust kuni qabul qilingan hukumat qarorida belgilab qo‘yildi.

Endilikda meva va sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum (kodi: TN VED 07-08)ni avtotransport vositalarida eksport qilish faqatgina temir yo‘l va havo transporti orqali amalga oshiriladi.

Qarorda qayd etilishicha, mazkur hujjat ko‘rsatib o‘tilgan mahsulotlar eksportini tartibga solish, ular eksporti yuzasidan tuzilgan shartnomalar imzolashda bojxona jarayonlarining shaffofligini ta'minlash hamda respublika chegaralaridan ularning noqonuniy olib o‘tilishini bartaraf etish maqsadida qabul qilindi.

1 oktabrdan boshlab O‘zbekistonda hujjatda ko‘rsatilgan meva va sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni eksport qilishda vijdonsizlikka yo‘l qo‘ygan eksportyorlarning ro‘yxatini tuzish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Ma'lumot o‘rnida, 2015 yilda O‘zbekistonda 15,5 million tonna meva va sabzavot mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, 2014 yilda bu ko‘rsatkich 14,9 million tonnani tashkil etgan. Turli ma'lumotlarda keltirilishicha, faqatgina 500 ming tonna mahsulot xorijga eksport qilinadi. O‘zbek meva sabzavotlarining asosiy importyorlari esa MDH davlatlari, shu jumladan, Rossiya va Qozog‘iston hisoblanadi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kontrabandasining 35 foizi Qozog‘iston chegaralarida amalga oshiriladi.