Jahon | 15:08 / 02.09.2015
2425
1 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Iroqda o‘g‘irlab ketilgan 18 ishchining taqdirini o‘rganmoqda

Turkiya hukumati Iroq ichki ishlar vazirligi bilan doimiy aloqada bo‘lib, ushbu mamlakat hududida o‘g‘irlab ketilgan 18 nafar turkiyalik ishchining taqdirini aniqlashtirishga urinmoqda. Bu haqda Turkiya bosh vazirining o‘rinbosari No‘'mon Kurtulmush bayonot berdi.

Ilgariroq Turkiyaning Nurol qurilish kompaniyasi Bag‘dodda uning 18 nafar ishchisi o‘g‘irlab ketilganini rasman ma'lum qilgan edi. AP agentligining ma'lum qilishicha, tunda niqobli odamlar yotoqxonaga bostirib kirib, ishchilarni olib ketgan. Ishchilar shaharning shialar istiqomat qiladigan Sadr tumani hududidagi masjid qurilishida ishlayotgan edi.

2014 yil iyunida IShID jangarilari Turkiyaning Mo‘sul shahridagi konsulligining 49 nafar xodimini garovga olgan edi. Ular 2014 yil sentabrida ozod qilingan edi.