Jamiyat | 16:11 / 03.09.2015
4938
2 daqiqa o‘qiladi

«Muzeylar haftaligi» doirasida O‘zbekiston muzeylari mehmonlarga bepul xizmat ko‘rsatadi

Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan O‘zbekiston davlat san'at muzeyida «Betakrorimsan, yagonasan ona Vatanim – O‘zbekistonim!» shiori ostida 2-8 sentabr kunlari o‘tkaziladigan «Muzeylar haftaligi»ning tantanali ochilishi marosimi bo‘ldi. Bu haqda vazirlik rasmiy sayti xabar bergan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 11 iyulda «Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 189-conli qarori bilan O‘zbekistondagi idoraviy bo‘ysunishidan qat'iy nazar barcha davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta'minlash maqsadida davlat muzeylariga 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga haftaning har seshanba va juma kunlari, barcha aholiga har yili 2—8 sentabr kunlari o‘tkaziladigan «Muzeylar haftaligi» doirasida bepul kirish tartibi joriy etildi.

«Muzeylar haftaligi» davomida respublikadagi 41 ta muzeyda jami 190 dan ortiq madaniy-ma'rifiy tadbirlar, «Mahorat darslari», viktorinalar, uchrashuvlar hamda musiqiy dasturlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Sayyohlarning tashrifi ortganligi munosabati bilan yozgi-kuzgi mavsumda respublikadagi barcha muzeylarning ish vaqti 18.00 dan 21.00 ga qadar uzaytirilgan. Aynan «Muzeylar haftaligi» tadbirlari doirasida ham muzeylar kech soat 21.00 ga qadar aholiga bepul xizmat ko‘rsatadi.

Bundan oldinroq, haftalik doirasida tashrif buyurish mumkin bo‘lgan muzeylar nomi keltirilgandi.