Jahon | 08:52 / 03.09.2015
4144
2 daqiqa o‘qiladi

Pekinda g‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlangan parad boshlandi

Ikkinchi jahon urushi tugallangani hamda xitoy xalqining yapon imperializmi zulmidan xalos bo‘lganining 70 yilligiga bag‘ishlab Xitoy poytaxti Pekin shahridagi Tyananmen maydonida boshlangan marosimda dastlab davlat bayrog‘i ko‘tarilib, XXR raisi Si Tszinpin nutq so‘zladi. Marosim avvalida, shuningdek, g‘alaba sharafiga 70ta to‘pdan bir vaqtda o‘t ochildi.

Paradda 12 ming nafar atrofida askar va ofitserlar ishtirok etayotgan bo‘lsa, ularning mingga yaqini xorij mamlakatlari, jumladan, Rossiya qurolli kuchlari vakillaridir. Eng kami 70 kishidan iborat fahriy qorovul tarkibida Xitoy harbiylari bilan bir qatorda, Belorussiya, Misr, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Kuba, Mo‘g‘iliston, Pokiston, Serbiya va Tojikiston vakillari ham mavjud. Shuningdek, Afg‘oniston, Vanuatu, Venesuela, Kamboja, Laos va Fijining 7 nafardan harbiy vakillaridan iborat guruh ham paradda ishtirok etmoqda.

Paradning piyoda askarlar yurishi qismini Rossiya harbirlari — Moskva shahrida joylashgan Preobrajyenskiy alohida 154-komendantlik polkining fahriy qorovul rotasi yakunlab berdi. Shundan so‘ng 500 dona yer usti harbiy texnikasi, osmonda esa 200ga yaqin samolyot va vertolyotlar parvozi namoyishi boshlandi.

Pekindagi g‘alaba paradida dunyoning 49 mamlakati rasmiy vakillari ishtirok etayotgan bo‘lsa, ularning 30 nafari davlat prezidentlari va hukumat vakillaridir. XXR raisi Si Tszinpin bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasi, Koreya Respublikasi, Misr, Belorussiya, Pokiston, JAR va boshqa mamlakatlar yetakchilari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ham fahriy mehmonlar tribunasidan o‘rin egallagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish