Jamiyat | 19:37 / 04.09.2015
12406
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyo insoniylikka muhtojmi?

Ma'lum bo‘lishicha, oila boshlig‘i kurd millatiga mansub, 40 yoshli Abdulla Kurdi suriyalik bo‘lib, oilasi bilan 3 yil mobaynida Turkiyada yashab kelgan. Abdulla Kurdi intervyusida oilasi bilan Yevropaga, u yerdan esa Kanadaga ketishni rejalashtirganini, sodir bo‘lgan fojiadan so‘ng endi bunga hojat qolmaganini ma'lum qilgan.

Turkiya sohillariga oqib kelgan 3 yoshli Aylan Kurdining otasi halokat oqibatida qurbon bo‘lgan ikki nafar farzandi hamda rafiqasi Reyhan Kurdining jasadini dafn qilish uchun o‘z shahri Kobaniga olib ketmoqchi ekanligini ma'lum qildi.

Shuningdek, Abdulla Kurdi O‘rta Yer dengizi orqali Gretsiyaga suzib ketishayotganidan 4 daqiqa o‘tib, qayiq boshqaruvchisining kuchli to‘lqinlar sabab vahimaga tushishi va boshqaruvni yo‘qotib, ortga qaytish uchun qayiqdan sakrashi oqibatida falokat sodir bo‘lganligi to‘g‘risida ham aytgan.

“Qayiq boshqaruvchisi bilan birga 13 kishi suzib ketayotgan edik. Kuchli to‘lqinlardan oilamni asrab qola olmadim. O‘g‘illarim barcha bolalar kabi dunyodagi eng shirin bolalar edi. Ular har ertalab men bilan o‘ynash uchun erta sahardan meni uyg‘otishar edi. Endi nima ham qilardim. Qattiq qayg‘udaman.”

Mazkur masala yuzasidan Turkiya hukumati Bodrum shahrida qochoqlarni Yevropa mintaqasiga noqonuniy yo‘llar bilan, kema va qayiqlarda o‘tkazib qo‘yish bilan shug‘ullanuvchi 4 nafar shaxsning hibsga olingani, ularning 3 nafari Turkiya va bir nafari Suriya fuqarosi ekanligi to‘g‘risida bayonot bergan.

Abdulla Kurdining opasi Tima Kurdi OAVga bergan intervyusida ukasining oilasini Kanadaga chaqirib olish uchun barcha sa'y-harakatlarni qilgani, ammo hujjatlar Kanada hukumati tomonidan rad qilingani to‘g‘risida aytgan.

Tima Kurdi ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan jiyanlarining suratlari ostiga "Yaxshi hayot izlab og‘ir falokatga uchragan ukamga hamdardlik bildiraman. Dunyoda insoniylik qoldimi? Bu norasidalar bunday fojiaga nomunosib edilar. Yuragim ezilib ketdi. Sizga farishtalar hamroh bo‘lsin." deya izoh qoldirgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mazkur ko‘ngilsiz voqeaga nisbatan o‘z munosabatlarini qoldirib, kimdir ularning Yevropa hududiga kirishlariga xayrixohligini bildirsa, kimdir muhojirlar sabab Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida yuzaga kelayotgan ijtimoiy muammolarni sanab o‘tgan. Sharh va izoh qoldirgan aksariyat internet foydalanuvchilari dunyoning insoniylikka muhtojligi, insoniy qadriyatlarni yana jonlantirish kerakligini ta'kidlashgan. Internet foydalanuvchilari tomonidan "Iroq va Shom davlati" jangarilari butun dunyoning millat va din tanlamas dushmani ekani, unga qarshi xalqlar birgalikda kurashishi, oilasi va jamiyatining tinchligi uchun har bir shaxs mas'ul ekani takror va takror ta'kidlangan.

Turkiya sohilbo‘yi qo‘riqlash xizmatining 3 sentabr kuni bergan xabarida 2015 yilning so‘nggi besh oyi mobaynida Egey dengizidan suzib o‘tishga uringan 42 ming, so‘nggi haftada 2 mingdan ziyod odamning hayoti asrab qolingani qayd etilgan.

Muallif: Shuhrat Sattorov, jurnalist