O‘zbekiston | 14:30 / 05.09.2015
4573
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxlik 105 yoshli ayol “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi

Jizzaxlik 105 yoshli Xayri ona Shokirova O‘zbekiston rahbarining 26 avgustdagi farmoni bilan 14 kishi qatorida “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu haqda Jizzax hokimligining rasmiy sayti orqali ma'lum qilindi.

“Istiqlolning 24 yillik to‘yi munosabati bilan prezidentimiz farmoniga ko‘ra bir guruh 100 yoshdan oshgan yurtdoshlarimiz vatanimizning yuksak mukofoti — "Shuhrat” medali bilan mukofotlandilar. Ular orasida Jizzax tumanidagi Qulama qishloq fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 105 yoshli Xayri ona Shokirova ham borligi quvonarli”, - deyiladi xabarnomada.
Viloyat hokimi, Senat a'zosi Sayfiddin Ismailov va bir guruh viloyat faollari onaxonni istiqlolning 24 yillik to‘yi bilan muborakbod etish hamda “Shuhrat” medalini topshirish uchun Xayri Shokirova xonadoniga tashrif buyurdilar.

“Sizga prezidentimizning alangali salomi hamda vatanimizning yuksak mukofotini keldtirdik”, - deydi viloyat hokimi. - Sizni mehnat frontining haqiqiy fidoyisi sifatida yaxshi bilamiz. O‘sha suronli yillarda g‘o‘za chopib paxta, ipak qurti boqib pilla etishtiriishda jonbozlik ko‘rsatdingiz. Vatanimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash uchun bor kuch-g‘ayratingizni ayamay mehnat qilganligingizdan xabardormiz. Mana bu mukofot sizning mashaqqatli mehnatlaringiz evaziga berilayapti”.

Shundan so‘ng viloyat hokimi ayolning ko‘ksiga "Shuhrat” medalini taqib qo‘ydi.
“Mendek bir keksa onani siylaganlari uchun Yurtboshimizga ming bora rahmat, - deydi Xayri ona. - Iloho yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin. O‘zbekistonimizga ko‘z tegmasin”.