Fan-texnika | 18:41 / 05.09.2015
4139
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva jamoat transportida yo‘l haqini telefon orqali to‘lash imkoniyati tug‘ildi

MTS, “Bilayn” va “Megafon” Moskva metropoliteni, shahar transport departamenti va “Briz Texnologii” MChJ bilan hamkorlikda Moskva jamoat transportida yo‘l haqini telefon orqali to‘lash xizmatini joriy qildi. Bu haqda transport departamenti xabar qildi.

“Mobil chipta” servisi mobil telefon orqali yo‘l haqini to‘lash imkoniyatini beradi. Buning uchun foydalanuvchi operator ofisiga borib, NFC texnologiyasiga ulangan SIM-karta olishi kerak bo‘ladi.

Servisga ulanish uchun 3210 raqamiga xabar yo‘llash kerak. Shunda telefondan 150 rubl olinib, yo‘l haqini to‘lash uchun onlayn hamyonga o‘tkaziladi.

“Mobil chipta” balansi 90 rublga tushganda u avtomatik tarzda yana 150 rublga to‘ldiriladi. Hisobni foydalanuvchining o‘zi to‘ldirishni xohlasa, yana o‘sha raqamga xabar yo‘llash kerak bo‘ladi.

Foydalanuvchining smartfoni NFC texnologiyasini qo‘llab-quvvatlamasa, 10 rublga NFC antennalarini xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Moskvada yo‘l haqi metro uchun 50 rublni, yer usti transportida 40 rublni tashkil qiladi.