Devid Bekhem aktyor bo‘lishni rejalashtirmoqda
2013 yilda professional futboldan ketishga qaror qilgan Devid Bekhem nihoyat o‘ziga yangi kasb tanladi. U aktyorlik karerasi yo‘lidan bormoqchiligini ma'lum qildi.
Bundan avval Devid reklama roliklari, qisqa metrajli film, hattoki ikki bor badiiy filmda to‘laqonli rol ijro etgan bo‘lsa, endilikda u o‘zini kinematografiya sohasiga to‘liq bag‘ishlamoqchi.
U o‘z maqsadini quyidagicha izohladi: “Men ko‘pchilik sportchilar va boshqa mashhur shaxslar kinoda o‘ynashga qaror qilsa, qattiq tanqidlar ostida qolib ketishini yaxshi tushunaman. Bu og‘ir kasb, unda mahorat va tartib-intizom zarur. Shu sababli hali ko‘p o‘qishim va malaka oshirishim kerak”.
Bekhemning so‘zlariga ko‘ra, sportdagi karerasi uni ehtimoliy qiyinchiliklarga anchagina tayyorlab qo‘ygan.
Ma'lumot o‘rnida, Devid Bekhem yaqindagina o‘z do‘sti Gay Richining “A.N.K.L. agentlari” filmida rol ijro etgan edi.
Viktoriya va Devid Bekhemlarning katta o‘g‘li Bruklin ham o‘zini sportda emas, balki san'atda sinab ko‘rmoqchi ekanini malum qilgan edi.
“Men futbolni sevaman, lekin fotografiya va kino meni ko‘proq o‘ziga jalb etayapti. Umid qilamanki, maktabni tamomlashim bilan AQShda san'at va fotografiyani o‘rgana olaman”, – degan u.