Sport | 09:08 / 07.09.2015
4256
3 daqiqa o‘qiladi

Las-Vegasda sport kurashlari bo‘yicha Jahon chempionati boshlanadi

Bugun, 7 sentabr kuni AQShning Las-Vegas shahrida Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga start beriladi.

"Orleans Arena" o‘yingohida bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda o‘zbekistonlik olti nafar yunon-rum, besh nafar erkin va ikki nafar xotin-qizlar kurashi ustalari jahon chempionligi hamda olimpiada yo‘llanmalari uchun bahs olib boradi.

Jahon chempionatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasining to‘liq tarkibi quyidagicha:
Yunon-rum kurashi. 59 kg: Elmurat Tasmuradov, 66 kg: Aleksandr Loxov, 71 kg: Nurbek Xolmuxammatov, 75 kg: Nurbek Xoshimbekov, 80 kg: Besiki Soldadze, 98 kg: Jahongir Turdiyev. Murabbiylar tarkibi: Kamil Fatkullin, Rustam Qudratov.

Erkin kurash. Erkaklar. 57 kg: Mahmudjon Shavkatov, 65 kg: Ixtiyor Navro‘zov, 70 kg: Bekzod Abdurahmonov, 74 kg: Rashid Qurbonov, 86 kg: Umidjon Ismanov. Murabbiylar tarkibi: Aleksandr Nedorezov, Ubaydulla Toirov.
Erkin kurash. Ayollar. 48 kg: Dauletbike Yaxshimuratova, 53 kg: Zuhra Mustanova. Murabbiy: Axmet Kagarmanov.

Shuningdek, hakamlar tarkibida o‘zbekistonlik Konstantin Mixaylov va Tohir G‘ulomov ham ishtirok etmoqda.
Sportchilar yunon-rum va erkin kurash bo‘yicha jami 24ta medallar jamlanmasi uchun maydonga chiqishadi.

Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Nedorezovning wrestling.uz saytiga bergan intervyusida o‘zbekistonlik sportchilarning bahslarga har jihatdan tayyor ekanini ma'lum qilingan edi.

“Bizning jamoa ham tajribali, ham yosh kurashchilardan tarkib topgan. Qayd etish joizki, Las-Vegasdagi Jahon chempionati — 2014 yilda yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan Mahmudjon Shavkatov uchun kattalar termasi tarkibidagi birinchi yirik musobaqadir. Biroq yoshi va tajribasidan qat'i nazar, har bir sportchi oldiga katta vazifalarni qo‘yganmiz”, – dedi Aleksandr Nedorezov.

Jahon birinchiligi 12 sentabrga qadar davom etadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish