O‘zbekiston | 08:45 / 08.09.2015
3061
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya O‘zbekistondagi onkologiya klinikasining jihozlanishida ko‘mak beradi

Yaponiya hukumati O‘zbekiston Respublika onkologiya ilmiy markazining zamonaviy raqamli mammografik qurilma bilan ta'minlanishida ko‘mak ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan o‘tkaziladigan tadbir 8 sentabrda bo‘lib o‘tadi. 

Yaponiyaning mashhur Fujifilm Corporation kompaniyasining 100 ming dollarlik qurilmasi Yaponiya hukumatining “Kichik miqyosdagi ijtimoiy loyihalarga beg‘araz ko‘mak” dasturi doirasida yetkazib beriladi.

Tadbirda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Fumixiko Kato, elchixona xodimlari, Fujifilm’ning Turkiyadgi prezidenti Jun Xiguchi va bir qator xodimlari ishtirok etishadi.

Yaponiya elchixonasi matbuot xizmatida ta'kidlanganidek, mammografik qurilmalarni yetkazib berish bo‘yicha grant-shartnoma 2015 yilning 11 martida imzolangan edi.

Yaponiya “Kichik miqyosdagi ijtimoiy loyihalarga beg‘araz ko‘mak” dasturi doirasida shifoxonalar, o‘rta ta'lim maktablari va boshqa nohukumat va notijorat tashkilotlariga ularning ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda ko‘mak berish maqsadida beg‘araz moliyaviy yordam ko‘rsatadi.

Ushbu dastur doirasida O‘zbekistonda 1995 yildan boshlab umumiy miqdori 23 mln 800 ming dollarnni tashkil qiladigan 352 ta loyiha amalga oshirilgan.