Jahon | 10:48 / 09.09.2015
2932
2 daqiqa o‘qiladi

Berdimuhamedov afg‘onistonlik turkmanlarga yordam berishni va'da qildi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 27 avgust kuni Kobulga uyushtirgan rasmiy safari chog‘ida ushbu mamlakatdagi etnik turkmanlar masalasiga alohida e'tibor qaratdi.

Berdimuhamedov Kobulda afg‘onistonlik hamkasbi Ashraf G‘ani Ahmadzay bilan muzokaralar o‘tkazdi, uchrashuv doirasida ikki o‘rtada 15ta memorandum imzolandi.
Afg‘oniston turkmanlari delegatsiyasi Berdimuhamedov bilan Kobulda uchrashib, unga bu yerdagi diasporaning vaziyati haqida axborot berishga muvaffaq bo‘ldi. Berdimuhamedov Turkmaniston hukumati ushbu mamlakatdagi etnik turkmanlarga ko‘mak ko‘rsatishda davom etishini aydi. Buning tasdig‘i sifatida Hirotning turkmanlar yashaydigan Turg‘undi tumanida 20 o‘rinli tug‘ruqxonaning Turkmaniston hukumati tomonidan qurib berilishini keltirdi.

“Bizni ayniqsa Turkmaniston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni 500 mVt ga yetkazishi quvontirdi”, - dedi Turkmaniston delegatsiyasi vakili, uchrashuv ishtirokchisi G‘ulom Rasul Qodiryor “Chor tarafdan” radiosiga bergan intervyusida.

Afg‘onistonda bugungi kunda 1 mln ga yaqin etnik turkman yashaydi. Ular asosan Turkmaniston bilan chegara hududlarda, shuningdek, etnik o‘zbeklar bilan aralash holda shimoliy viloyatlarda istiqomat qiladi. Shuningdek, mamlakat ichkarisida ham turkman jamoalari mavjud. Turkmanlarning bir qismi bu hududlarga o‘tgan asrning birinchi yarmida sovet hukumatidan va fuqarolik urushidan qochib kelgan, bir qismi esa qadimdan shu hududlarda yashab kelgan.

Bugungi kunda etnik turkmanlar yashaydigan ko‘pgina hududlar Tolibon va IShID jangarilarining xatti-harakatlari tufayli ixtilof alangasida qolmoqda. Turkman ko‘ngillilari o‘zbek, tojik va hazora ko‘ngillilari bilan birlashgancha o‘z uylarini himoya qilishga intilmoqda, shu bilan birga, ular rasmiy Kobulning va Turkmanistonning yordamidan umid qilmoqda.

Muallif: Eldor Asanov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish