Jahon | 09:40 / 10.09.2015
4274
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko va Putin 2 oktabr kuni Parijda uchrashadi

“Normand to‘rtligi” mamlakatlari yetakchilari Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya rahbari Fransua Olland va Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko 2 oktabr kuni Parij shahrida uchrashib olishga kelishishdi, deya xabar bermoqda Krem matbuot xizmati.

Matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, 9 sentabr kuni tunda “Normand to‘rtligi” mamlakatlari yetakchilari telefon suhbatlarini o‘tkazib, Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni bartaraf etish masalasini muhokama qilishdi. “Yetakchilar Ukraina janubi-sharqida o‘q otishni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlashdi. Navbatdagi vazifa barcha to‘qnashuv chiziqlaridan bronetexnika, 120 millimetrgacha bo‘lgan minomyotlar, 100 millimetrgacha artilleriya qurollarini olib ketishga erishishdan iborat”, – deyiladi xabarda.

Rossiya tomonining fikricha, asosiy e'tiborni Minsk kelishuvida belgilangan siyosiy holatni yuzaga chiqarishga qaratib, Ukrainada konstitutsion islohotlarni olib borish, Donbass hududiga alohida maqom berish, shuningdek, mahalliy saylovlarni o‘tkazish hamda amnistiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish lozim. Suhbat jarayonida Ukrainaga Rossiya gazini yetkazib berish masalasi ham ko‘tarilgan.

“Normand to‘rtligi” davlatlari yetakchilari, shuningdek, 12 sentabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tadigan mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashuviga ham to‘xtalib, davlat rasmiy vakillariga turli yo‘nalishlarda ishlarni davom ettirish va aniq takliflarni tayyorlash vazifasini topshirishga kelishib olindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish