Sport | 14:41 / 10.09.2015
1544
2 daqiqa o‘qiladi

Villash-Boash mavsum yakunlangach, "Zenit" murabbiyligidan ketadi

Sankt-Peterburgning "Zenit" jamoasi bosh murabbiyi Andre Villash-Boash 2015-2016 yilgi mavsum yakunlangach, o‘z o‘rnini tark etadi. Bu haqda uning o‘zi jurnalistlarga ma'lum qilgan.

"Men sizlar bilan oxirgi marta uchrashib turibman. Jamoa rahbariyati menga yangi shartnoma taklif qildi, lekin men bu taklifni rad etdim. Mavsum oxirida jamoadan ketaman", degan Villash-Boash.

Andre Villash-Boash "Zenit" bosh murabbiyligiga 2014 yilning martida tayinlangandi. Uning boshchiligida jamoa o‘tgan mavsumda Rossiya chempionati chempioni va mamlakat Superkubogi sohibi bo‘ldi.

Rossiya chempionatining yangi mavsumida "Krilya Sovetov"ga qarshi o‘tkazilgan mag‘lubiyatli (1:3) o‘yindan keyin u matbuot anjumani vaqtida o‘tgan mavsumdayoq jamoani tark etishni istagani, lekin rahbariyat uni qo‘yib yubormagani haqida aytgandi.

Ma'lumot uchun, ushbu mutaxassis o‘z vaqtida Portugaliyaning "Akademika" va "Portu" jamoalarida ishlagan, keyinroq Angliyaning "Chelsi" va "Tottenxem" jamoalarida faoliyat ko‘rsatgandi.

Eslatib o‘tamiz, Villash-Boash 29 avgust kuni "Krilya Sovetov" jamoasi bilan o‘yin vaqtida yordamchi hakamni turtgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan, keyinroq uning bu harakatiga nisbatan 6ta o‘yindan iborat diskvalifikatsiya qo‘llangandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ketma-ket muvaffaqiyatsizliklarga qaramasdan jamoa uchun hammasi hali oldinda. U 12 sentabr kuni chempionatdagi asosiy raqib bo‘lmish TsSKAga qarshi o‘yinda mag‘lub bo‘linsa ham chempionlik uchun imkoniyat saqlanib qolinishini aytgan.

Ayni vaqtda, 7ta turdan keyin turnir jadvalida 21 ochko bilan Moskvaning TsSKA jamoasi peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda esa poytaxtning boshqa bir jamoasi "Lokomotiv" 17 ochko bilan joylashgan. "Zenit" hisobida esa 15 ochko mavjud.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish