O‘zbekiston | 07:03 / 15.09.2015
9821
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onadagi yangi "Baxt uyi" binosida ilk nikoh qayd etildi

Farg‘ona shahrida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda UzA xabar bergan.

"Mamlakatimizda adliya tizimi idoralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining samarali faoliyat yuritishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatida ham aholiga yuridik xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash va samaradorligini oshirish maqsadida Qo‘qon, Farg‘ona shaharlari va Qo‘shtepa tumanida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari va davlat notarial idoralari uchun zamonaviy binolar qurilib, foydalanishga topshirildi", deyiladi xabarda.

Zamonaviy va milliy arxitektura yechimlari asosida qad rostlagan binoda yosh oilalarning nikohini qayd etish marosimini tashkil etish uchun barcha qulaylik yaratilgan. Xususan, “Oila dorilfununi”, “Yosh oila quruvchilar maktabi” xonalari, marosimlar zali, hujjatlarni saqlash va boshqa xonalar bugungi kun talablari asosida jihozlangan. “Ravon yo‘l servis” mas'uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilgan qurilish ishlariga 3 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

– Oila muqaddas maskan, jamiyatning muhim bo‘g‘inidir, – deydi Farg‘ona shahar 1-FHDYo bo‘limi mudirasi Matluba Mahametova. – Mamlakatimizda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari uchun zamonaviy va muhtasham binolar bunyod etilayotgani aholiga tezkor va sifatli yuridik xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Yangi binoda dastlabki yosh oilaning nikohini qayd etish marosimi bo‘lib o‘tdi.

"Bugun hayotimizda eng baxtli kun bo‘lib qoladi. Nikohimiz zamonaviy binoda birinchi bo‘lib qayd etilganidan xursandmiz. Bizning oilamiz ham shu binodek mustahkam va chiroyli bo‘lishiga ishonamiz. Yosh oilalarga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun davlatimizdan minnatdormiz",  – deydi Umidjon Sotvoldiyev.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish