Jahon | 18:11 / 20.09.2015
5161
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda kabaddi sporti bilan shug‘ullanuvchi 9 kishi halok bo‘ldi

Hindistonda yuz bergan halokatli yo‘l-transport hodisasi natijasida hindlarning qadimiy sport turi bo‘lmish kabaddi bilan shug‘ullanuvchi 9 kishi halok bo‘lgan va yana 15 kishi tan jarohatlari olgan. Bu haqda NDTV xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, 19 sentabr kuni kechasi sportchilar ketayotgan avtobus Orissa shtati sharqidagi ko‘prikdan jarlikka qulab tushgan. Ushbu avtobus sportchilarni musobaqa o‘yinidan uylariga olib qaytayotgandi. Halok bo‘lganlar orasida 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lganlar borligi aytilgan.

Manbaning aytishicha, bu hodisaga haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi sabab bo‘lgan.

Qurbonlar soni ortishi mumkinligi aytilgan.

Ma'lumot uchun, kabaddi Osiyoda miloddan avvalgi davrlardan beri o‘ynab kelinadigan sport turi bo‘lib, vatani Hindiston hisoblanadi. Ba'zi manbalarda bu sport 4 ming yil oldin paydo bo‘lgani aytiladi. Ushbu sport o‘zida jamoaviy kurash elementlarini jamlagan.

1980 yilda Hindistonda ushbu sport turi bo‘yicha birinchi marta Osiyo chempionati o‘tkazilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish