Jamiyat | 16:18 / 21.09.2015
2228
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh fuqarosi 41 yil avval yozilgan jarimani to‘ladi

Amerikaning Linkoln (Nebraska shtati) shahri fuqarosi 1974 yilda avtomobilini belgilanmagan joyga to‘xtatgani uchun belgilangan jarimani 2015 yil sentabr oyiga kelibgina to‘ladi.

Mahalliy OAVning yozishicha, 41 yil muqaddam Nebraska universiteti talabasi bo‘lgan 65 yoshli Kent Broyxill mazkur ta'lim maskani hududini qo‘riqlagan politsiya tomonidan avtomobilini belgilanmagan joyda qoldirib ketgani uchun jarimaga tortilgan. Yosh talaba jarimani o‘sha paytdayoq chek orqali to‘lamoqchi bo‘lgan. Biroq universitet kassasi faqat naqd pul olishini ma'lum qilgan. Politsiya o‘sha kuni o‘z bitiruv kechasini nishonlayotgan Broyxillni birinchi imkoniyat bo‘lishi bilanoq jarimani to‘lash sharti bilan qo‘yib yuborgan. Biroq Broyxill politsiyaga bergan va'dasini noma'lum sabablarga ko‘ra unutib yuborgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jarima haqida butunlay unutib yuborgan, ammo yaqindagina kursdoshlari bilan suhbatda to‘satdan xayoliga kelib qolgan. “Men o‘sha paytda qancha jarima yozilganini eslay olmadim. Shuning uchun chek daftarchamni olib, ularga (universitetga) 100 dollar jo‘natib yubordim”, - deya hikoya qilib berdi Broyxill. Qo‘shimcha qilib, har doim o‘z va'dasi ustidan chiqishga harakat qilishini aytib o‘tdi.

Xabar qilinishicha, oliy ta'lim muassasasi ma'muriyati o‘z bitiruvchisining haqiqatgo‘yligidan hayratga tushgani, biroq chekni qabul qilmasligini bildirib, uni ortga qaytarib yuborgan. Universitet vakili buni jarima miqdori o‘sha vaqtlarda 100 dollardan kamroq bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘lagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish