Jamiyat | 09:39 / 21.09.2015
6837
2 daqiqa o‘qiladi

Makka shahrida 1,3 mln ziyoratchi haj ibodatlarini ado etadi

Saudiya Arabistoni 2015 yilda haj ibodatlarini ado etish istagidagi ziyoratchilarni qabul qilishni to‘xtatdi. Makka shahriga kelgan hojilarning umumiy soni 1,3 million nafardan oshdi. Bu haqda yakshanba, 20 sentabr kuni Saudiya Arabistoni pasport nazorati xizmati bosh direktori Sulaymon Abdul Aziz al Yahyo ma'lum qildi.

Uning oydinlik kiritishicha, muqaddas maskanga tashrif buyurganlarning faqatgina 49 ming nafari yer usti va dengiz transportidan foydalanishdi, qolganlari esa muntazam aviareyslar orqali yetib kelishdi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, haj mavsumida har qanday siyosiy tashviqot taqiqlangan. Mazkur cheklovni buzganlar qo‘lga olinadi, dedi Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vaziri amir Muhammad bin Naif.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 3-14 sentabr kunlari o‘zbekistonlik 5200 nafar ziyoratchi “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Samarqand-Madina, Termiz-Madina, Namangan-Madina, hamda Urganch-Madina yo‘nalishlarida haj safariga jo‘natildi. “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi ziyoratni yuqori saviyada tashkil etish, ziyoratchilarimizga mamlakatimizda va Saudiya Arabistonida qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘lida faoliyat olib bormoqda.

27 sentabr - 8 oktabr kunlari o‘zbekistonlik hojilarni “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi samolyotlarida Jidda-Toshkent, Jidda-Buxoro, Jidda-Samarqand, Jidda-Termiz, Jidda-Namangan, hamda Jidda-Urganch yo‘nalishlari bo‘yicha vatanimizga olib kelish rejalashtirilgan.

2015 yilda muqaddas Makka shahri va uning atrofida taxminan 1,5 mln kishi haj ibodatini ado etadi. Makkaga xorijdan 1,35 mln, mamlakatning ichki hududlaridan 185 ming nafar hojilarning kelishi kutilgan edi. Muqaddas Makka shahridagi 2015 yilgi haj mavsumi kecha, 20 sentabrda boshlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish